“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatimizni strategik rejalashtirish va rivojlantirish tizimidagi eng muhim hujjatdir. Aslida bu Prezident tomonidan jamiyatga taklif etilgan va jamiyat qo‘llab-quvvatlagan (3000 dan ortiq takliflar kelib tushgan) ijtimoiy shartnomadir. Uni tasdiqlash bo‘yicha joriy yil 16 fevralda qabul qilingan Prezident farmonida, jumladan, 2026 yilda ishlab chiqiladigan strategik rejalashtirish hujjatlari ro‘yxati keltirilgan. Shular ichida barcha 14 ta ma’muriy hudud – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarni 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan.
Hududlarning taraqqiyot strategiyalari bundan buyon tarqoq turli investitsion, qurilish va tadbirkorlik tashabbuslari to‘plamigina emas, balki eng avvalo hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy xavfsizligiga, hudud geografiyasi va mavjud inson kapitali ustunliklariga tayangan uzoq muddatli, xalqning kutilmalariga javob beruvchi asosiy rejalashtirish va faoliyat yuritish xujjati deb qaraladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rejalashtirish va rivojlanish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashning yaqinda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida hududlar strategiyasini ishlab chiqish jarayonlarini tashkil etish borasidagi barcha tashkiliy masalalar belgilab berildi.
Xususan, Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi huzurida vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari hamda hududiy axborot-tahlil guruhlarining mas’ul xodimlaridan iborat shtab tashkil etildi.
Agentlikda ushbu mas’ullar bilan uchrashuv o‘tkazilib, hujjat loyihalarini tayyorlash tartib-tamoyillari belgilab olindi. Xususan:
– hududiy strategiyalarni ishlab chiqishda asl xalq qadriyatlari va kutilmalaridan kelib chiqish;
– hududiy strategiyalarni “O‘zbekiston – 2030” qoida tariqasida strategiyasida belgilangan samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida shakllantirish;
– vazirlik va idoralar tasarrufidagi ma’lumotlar, tahliliy materiallar hamda takliflarni olish, ularning hududiy axborot-tahlil guruhlari bilan amaliy hamkorligini ta’minlash;
– hududlar kesimida mavjud holat, iqtisodiy salohiyat, tizimli muammolar va o‘sish nuqtalarini tahlil qilish, tahlil natijalari asosida aniq takliflar, istiqbolli loyihalar va amaliy chora-tadbirlarni shakllantirish;
– strategiyalarni tayyorlash jarayonida yagona metodologik yondashuvni ta’minlash, ularning mazmuni va sifatini muvofiqlashtirish.
Ayni paytda ham tahliliy, ham amaliy ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, Agentlik mutaxassislari viloyatlarga xizmat safarlariga borib, hududdagi imkoniyatlarni, kelgusi rejalarni va aholining kutilmalarini o‘rganmoqda.
Ushbu barcha tahlil va muhokamalar asosida, har tomonlama puxta, aniq va natijaga yo‘naltirilgan hududiy strategiyalar ishlab chiqiladi.








