O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rejalashtirish va rivojlanish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashning 15-son bayonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari axborot-tahlil guruhlari rahbarlari uchun maxsus malaka oshirish o‘quv kursi o‘tkazildi.
Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu kurs hududlarni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyalarini sifatli ishlab chiqish va bu borada mas’ul xodimlarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratildi.
Maxsus dastur doirasida tinglovchilarning strategik fikrlash, tizimli tahlil, qat’iyat, jarayonlarni tashkil etish va natijaga yo‘nalganlik kabi muhim ko‘nikmalarini rivojlantirishga asosiy urg‘u berildi. Mashg‘ulotlar avvalida ishtirokchilarning strategik rejalashtirish dunyoqarashini baholash maqsadida dastlabki sotsiologik so‘rov va kirish testlari o‘tkazildi.
O‘quv dasturi davomida tinglovchilarga strategik rejalashtirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, tegishli hujjatlarni tayyorlash asoslari hamda strategik tafakkurni shakllantirishda ichki motivatsiyaning o‘rni mavzularida ma’ruzalar o‘qildi. Shuningdek, ishtirokchilar birinchi, ikkinchi va uchinchi darajali strategik hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, amalga oshirish, ularning sifatini tekshirish va monitoring qilish uslubiyatini batafsil o‘zlashtirdilar.

Kursning amaliy qismida davlat rahbarining topshiriqlari ijrosini ta’minlash va rahbarlar mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tinglovchilar orttirgan bilimlarini amaliyotda qo‘llash maqsadida ikkita yirik keys ustida ishladilar:
— Buxoro viloyati misolida, qabul qilingan strategik hujjatlar ijrosini monitoring qilish va hisobotlarni o‘rganish jarayoni tahlil qilindi;
— Qashqadaryo viloyati misolida, hududni rivojlantirish bo‘yicha yangi strategik hujjat loyihasini mustaqil ishlab chiqish yuzasidan amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlar yakunida tinglovchilarning dunyoqarashidagi o‘zgarishlarni aniqlash uchun yakuniy sotsiologik so‘rov va bilim darajasini tekshiruvchi yakuniy test sinovlari tashkil etildi. Kursni muvaffaqiyatli tamomlagan barcha ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi.






