Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari A. Abduqodirov Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari O. Gronvune bilan uchrashdi. Uchrashuv chogʻida tomonlar strategik rejalashtirish sohasida oʻzaro hamkorlikning mumkin boʻlgan yoʻnalishlarini koʻrib chiqdilar.
Ushbu yoʻnalishlarni «Oʻzbekiston — 2030» strategiyasi hamda strategik rejalashtirishning milliy tizimi bilan uygʻunlashtirish masalalariga, jumladan uzoq muddatli senariy tahlili va maʼlumotlar bilan ishlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar AFD guruhining Oʻzbekiston Respublikasi bilan hamkorligining joriy va navbatdagi bosqichlarini, shu jumladan 2025 yildan keyingi davrga moʻljallangan sheriklik hujjatini muhokama qildilar. Shuningdek, Fransiyaning strategik rejalashtirish sohasidagi davlat institutlari bilan oʻqitish va tajriba almashish imkoniyatlari, Agentlik mutaxassislari uchun stajirovkalar tashkil etish masalalari alohida koʻrib chiqildi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar «Oʻzbekiston — 2030» strategiyasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlar va vazifalarga muvofiq hamkorlikni yanada rivojlantirishdan oʻzaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.
Maʼlumot uchun. Fransiya taraqqiyot agentligi (Agence française de développement, AFD) — Fransiyaning xalqaro hamkorlik va barqaror taraqqiyot sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat moliya muassasasidir. Tarkibiga Proparco va Expertise France ham kiruvchi AFD guruhi Oʻzbekistonda 2015 yildan buyon faoliyat yuritmoqda va yirik loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun mamlakatga qariyb 1,7 mlrd yevro sarmoya kiritgan. Hamkorlik suv taʼminoti va sanitariya, energetika, qishloq xoʻjaligi hamda atrof-muhitni muhofaza qilish kabi sohalarni qamrab oladi. 2025-yil oktabr oyida AFD Oʻzbekistondagi faoliyatining 10 yilligini nishonladi.






