Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 iyuldagi 113-son “Islohotlarni amalga oshirishda istiqbolli tashabbuslarni yanada qoʼllab-quvvatlash boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi farmoniga muvofiq, yurtimizda “Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumini oʼtkazish amaliyoti joriy qilingan edi.
Bu forum keng aholi qatlamining istiqbolli tashabbuslarini qoʼllab-quvvatlash hamda amalga oshirishga qaratilgan. Ushbu tizimni yoʼlga qoʼyish maqsadida kelajakuchun.gov.uz kraud platformasi yaratilib, ishga tushirildi.
Tashkiliy qoʼmita tomonidan bu yilgi forum uchun ustuvor yoʼnalishlar etib:
– tadbirkorlikni rivojlantirish va bandlikni taʼminlash;
– ekologiya, suv taʼminoti va yashil energetika qamrovini kengaytirish;
– raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni joriy etish;
– taʼlim sifatini oshirish;
– sud-huquq tizimini zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirish yoʼnalishlari belgilandi.
Forum eʼlon qilingach, aholidan 1 ming 300 dan ortiq taklif va tashabbus kelib tushdi. Barcha tashabbuslar Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi, Biznesni rivojlantirish banki tomonidan koʼrib chiqilib, belgilangan ustuvor yoʼnalishlar kesimida umumlashtirildi.
Shundan soʼng, Mentorlar kengashi aʼzolari va sohaviy ekspertlar ishtirokida tahlil qilinib, baholandi. Uning yakunlariga koʼra, eng dolzarb va amaliy ahamiyatga ega loyihalar “TOP-50” va “TOP-10” tarzida saralab olindi.
Bugun Strategik rivojlanish va islohotlar agentligida forumning “TOP-10” tashabbusi mualliflarini taqdirlash marosimi boʼlib oʼtdi. Ularga gʼoliblik sertifikati va pul mukofotlari topshirildi.

Endi mazkur istiqbolli tashabbuslar Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida oʼtkaziladigan forumda taqdimot qilinadi. Ularni amalga oshirish boʼyicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Loyihalar tegishliligi boʼyicha Ekologiya va iqlim oʼzgarishi milliy qoʼmitasi, Qishloq xoʼjaligi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Аdliya vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Transport vazirligi, Аvtomobilь yoʼllari qoʼmitasi kabi tashkilotlarga biriktirildi.
“Biznesni rivojlantirish banki” АTB istiqbolli tashabbuslarni moliyalashtirib, ularning ijrosini doimiy monitoring qilib boradi.
“Kelajak uchun” forumi xalqchil islohotlarni amalga oshirishga keng jamoatchilikni jalb etish, istiqbolli tashabbuslar uchun ochiq muloqot maydonini yaratish, ilgʼor gʼoyalarni saralash va ragʼbatlantirishga xizmat qiladi.






