Bugun “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ijrosining 2026-yilning birinchi yarim yilligidagi natijalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida vazirlik va idoralar hamda xo‘jalik birlashmalarining strategik rejalashtirish va axborot-tahlil bo‘linmalari rahbarlari, mas’ul xodimlari va vakillari ishtirok etdi. Tadbirni Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Har bir strategik rejalashtirish hujjatining asosi – xalqning davlat xizmatchilari faoliyatidan rozi bo’lishi, ya’ni fuqarolarning ehtiyoj va kutilmalariga hamohang natijalarga erishishdan iborat. Shu bois barcha idoralar oldida aholi kutilmalarini o’rganish hamda o’z faoliyatini va strategik maqsadlar mohiyatini aynan shu kutilmalarga moslashtirish vazifasi turibdi. Bunda erishilgan natijalar nafaqat rejaviy ko’rsatkichlar, balki fuqarolar hayotidagi real o’zgarishlar orqali baholanishi lozim.
Muloqotning birinchi qismida strategik maqsadlarning 2026-yil I yarim yilligidagi ijro holati va dinamikasi taqdim etildi. Taqdimotda har bir yo‘nalish bo‘yicha erishilgan ko‘rsatkichlar, rejaga nisbatan ijro darajasi va o‘sish sur’atlari tahlil qilindi. Bu ishtirokchilarga o‘z tashkiloti faoliyatini umumiy strategik natijalar bilan solishtirish va zaif nuqtalarni aniqlash imkonini berdi.
Tadbirning amaliy qismi strategik rejalashtirish va rivojlanish raqamli platformasiga bag‘ishlandi. Ishtirokchilarga platformaning modullari, ma’lumotlarni kiritish tartibi va bosqichlari, hisobotlarni shakllantirish jarayoni batafsil tanishtirildi. Ma’lumotlarni to‘g‘ri va o‘z vaqtida kiritish monitoringni real vaqt rejimida yuritish, hisobotlarni avtomatlashtirish va inson omili bilan bog‘liq xatoliklarni kamaytirish imkonini berishi ta’kidlandi.
Alohida taqdimot ichki nazorat mexanizmi, davlat organlari reytingi va ko‘riladigan chora-tadbirlarga qaratildi. Reyting tizimi idoralar faoliyatini xolis baholash, ijro intizomini kuchaytirish va idoralararo sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qilishi qayd etildi. Ichki nazoratning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi kamchiliklarni erta bosqichda aniqlash va ularni o‘z vaqtida bartaraf etishga zamin yaratadi.
Shuningdek, monitoring tizimini takomillashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari taqdim etildi. So‘rovnoma orqali idoralarning amaldagi tizimdan foydalanishdagi ehtiyojlari, uchrayotgan qiyinchiliklari va takliflari o‘rganildi. Bu natijalar monitoring tartibini foydalanuvchilar ehtiyojiga moslashtirish va tizimni yanada qulay hamda samarali qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ishtirokchilar ijro jarayonida yuzaga kelayotgan muammoli masalalarni, ma’lumotlarni o‘z vaqtida va sifatli kiritish, ko‘rsatkichlar bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtiruv hamda platformadan samarali foydalanish bilan bog‘liq masalalarni ochiq muhokama qilishdi. Muhokama chog‘ida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yo‘llari yuzasidan tajriba almashildi.
Tadbir yakunida yil oxirigacha ijroni ta’minlash bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqildi. Natijada ishtirokchilar monitoring tizimining amaldagi tartibi bilan yaqindan tanishdilar, raqamli platforma bilan ishlash bo‘yicha yagona yondashuvga ega bo‘ldilar va ijroni jadallashtirish bo‘yicha o‘z zimmalaridagi vazifalarni aniq belgilab oldilar. Bildirilgan takliflar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ijrosini yanada samarali ta’minlash va monitoring tizimini mustahkamlashda inobatga olinadi.
Davra suhbati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-21-farmoni hamda 2025-yil 29-dekabrdagi PQ-394-qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etildi.






