O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan davlat organlari faoliyati samaradorligini baholashni yangi bosqichga olib chiqish vazifasi qo‘yilgan bo‘lib, bunda asosiy mezon ularning kundalik faoliyati aholining kutishlariga qanchalik javob berishidir. Ushbu kutishlar har bir davlat organining funksiyalari va vakolatlarida o‘z aksini topadi hamda baholash mezonlarini shakllantiradi. Asosiy ko‘rsatkich sifatida idoralarning aholi bilan ochiq muloqot olib borish qobiliyati, fuqarolarning kundalik ehtiyojlarini inobatga olishi hamda davlat xizmatlarining qulayligi va ochiqligini ta’minlashi belgilanadi.
Shu maqsadda davlat tomonidan natijalarni xolis baholash, shaffoflik va davlat organlarining jamiyat oldidagi hisobdorligini oshirishga qaratilgan zamonaviy institutlar va baholash mexanizmlari joriy etilmoqda. Avval xabar qilinganimizdek, bunday vositalardan biri sifatida Uzbekistan Government Quality Award dasturi joriy etilgan bo‘lib, u 2019 yildan buyon Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
2026 yil fevral oyida dasturining navbatdagi — uchinchi baholash bosqichiga start berildi. 2026 yil mart–aprel oylarida baholashning asosiy bosqichi amalga oshirilib, davlat boshqaruvi organlariga tashriflar tashkil etildi. Baholovchi guruhlar 41 ta vazirlik, qo‘mita va agentlikka tashrif buyurib, ma’sul xodimlar va tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Tashriflar davomida taqdim etilgan ma’lumotlar tekshirildi, boshqaruv va operatsion jarayonlar tahlil qilindi hamda ma’sul xodimlar bilan suhbatlar o‘tkazildi.

Baholash to‘rtta asosiy yo‘nalishni qamrab oldi, ular faoliyat samaradorligi, davlat xizmatlari sifati, boshqaruv jarayonlari darajasi va innovatsion yechimlarni joriy etish darajasi. Asosiy e’tibor zamonaviy boshqaruv yondashuvlarining amaliy joriy etilishi hamda idoralar faoliyatidagi real o‘zgarishlar, jumladan xizmatlar sifati, ochiqlik va aholi bilan o‘zaro aloqalar amaliyotiga qaratildi.
Muhimi shundaki, baholash xalqaro standartlar asosida tashkil etildi va fuqarolar uchun sezilarli natijalarga yo‘naltirildi. Avvalgi bosqichlarda dastur o‘z samaradorligini namoyon etdi, loyihalar to‘liq raqamlashtirildi, vazirliklarda samarali boshqaruv bo‘yicha seminarlar o‘tkazildi hamda nominatsiyalar doirasi kengaytirildi.
Uchinchi bosqich yakunlari bo’yicha g’oliblar uchta asosiy yo’nalishda aniqlandi.
«Eng yaxshi vazirlik» nominatsiyasida g`oliblar yettita yo’nalish bo’yicha aniqlandi:
- ko’zlangan strategik maqsadlarni amalga oshirishdagi eng yaxshi natijalar uchun
- asosiy funksiyalar doirasida innovatsiyalarni joriy etish uchun
- davlat xizmatlarini ko’rsatish sifati uchun
- resurslarni samarali boshqarish uchun
- inson kapitalini rivojlantirish uchun va boshqa bir qator yo’nalishlar bo’yicha;
«Rahbarlik mukofoti» nominatsiyasida:
- Namunali vazir o’rinbosari
- Namunali bosh direktor
- Namunali qo’mita yoki inspeksiya rahbari yo`nalishlari bo`yicha;
Individual nominatsiyalarda:
- Namunali ixtisoslashgan xodim
- Namunali ayol xodim
- Namunali inson resurslari bo’yicha mutaxassis
- Namunali ma’muriy va boshqaruv xodimi
- Namunali iste’dodli yosh xodim
Baholash jarayonlariga milliy va xalqaro ekspertlar jalb etildi, bu esa natijalarning mustaqilligi va xolisligini ta’minladi.






