Respublikaning 50 dan ortiq vazirlik, idora va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari vakillari uchun strategik rejalashtirish bo’yicha navbatdagi o’quv kurslari boshlandi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan davlat qarorlarini ishlab chiqishdan tortib monitoring va natijalarni baholashgacha bo’lgan to’liq bosqichni qamrab oluvchi yagona strategik rejalashtirish tizimi joriy etildi. Shu borada qabul qilingan PF-201-sonli Farmon va № PQ-394-sonli Qarorda yangicha boshqaruv, o’lchanadigan samaradorlik ko’rsatkichlaridan foydalanish, yagona platforma orqali monitoring qilish tamoyillari mustahkamlandi. Strategiyalarni sifatli ishlab chiqishni va aniq natijalarga erishishni ta’minlay oladigan mutaxassislarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.
2026 yil uchun tasdiqlangan reja-jadval doirasida navbatdagi maxsus o’quv kurslarining tantanali ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Tadbirda 50 dan ortiq vazirlik, idora va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari vakillari ishtirok etdi.


O’quv dasturi strategik rejalashtirishning asoslari, strategik tahlil va rejalashtirish, maqsadlar, vazifalar va samaradorlik ko’rsatkichlarini belgilash, strategik rahbarlik va boshqaruv, strategiyani monitoring qilish, hisobotlarni tayyorlash va tuzatishlar kiritish kabi oltita tematik yo’nalishni qamrab oladi.
Ta’lim nazariyadan amaliyotga tamoyili asosida qurilgan bo’lib, tinglovchilar strategik rejalashtirishning metodologik asoslarini o’zlashtiradilar, o’lchanadigan maqsadlarni belgilash, monitoring tizimlarini yaratish va boshqaruv hisobotlarini tayyorlash ko’nikmalarini mashq qiladilar. Kurs yakunida tinglovchilar yakuniy testdan o’tadi va sertifikatlarni tantanali topshirish marosimida ishtirok etadi.
Ushbu sohadagi davlat xizmatchilarini tizimli tayyorlash «O’zbekiston – 2030» strategiyasini amalga oshirishning ajralmas qismi hisoblanadi va idoralarni barcha davlat boshqaruvi darajalarida strategik hujjatlarni samarali ishlab chiqish hamda bajarilishini nazorat qila oladigan mutaxassislar bilan ta’minlashga qaratilgan.






