2026-yil 20–25-aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rejalashtirish va rivojlanish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashning 2026-yil 12-martdagi bayonnomasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 15-apreldagi topshirig’iga muvofiq strategik rejalashtirish va rivojlanishni boshqarish sohasida davlat xizmatchilarining kasbiy malakalarini oshirishga qaratilgan maxsus o‘quv kurslarining birinchi bosqichi o‘tkazildi.
O‘quv kurslarida vazirlik va idoralar, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining strategik rejalashtirish bo‘linmalari hamda axborot-tahliliy guruhlari xodimlari ishtirok etdi. Dastur “nazariyadan -amaliyotga” tamoyili asosida tashkil etilib, tinglovchilar strategik rejalashtirishning metodologik asoslarini o‘rganish bilan birga, o‘z loyihalarini ishlab chiqishda ushbu bilimlarni amalda qo‘lladilar.
Kurs davomida ishtirokchilar strategik boshqaruvning to‘liq bosqichlarini, joriy holatni kompleks tahlil qilish va strategik ustuvorliklarni belgilashdan tortib, asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari tizimini ishlab chiqish, monitoring mexanizmlarini shakllantirish va boshqaruv hisobotlarini tayyorlashgacha bo`lgan bilimlarni puxta o‘zlashtirdilar. Shuningdek, belgilangan maqsadlardan og‘ishlarni o‘z vaqtida aniqlash hamda dolzarb ma’lumotlar asosida boshqaruv qarorlarini qabul qilish ko‘nikmalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mashg‘ulotlarga amaliy tajribaga ega taklif etilgan ekspertlar, shuningdek Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi xodimlari jalb etildi, bu esa o`z navbatida akademik yondashuvni davlat boshqaruvidagi amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirish imkonini berdi.
O‘quv dasturining yakuniy bosqichi sifatida tinglovchilar tomonidan ishlab chiqilgan strategik loyihalar ommaviy tarzda himoya qilindi. Har bir ishtirokchi o‘zining strategik hujjatini taqdim etib, taklif etilgan yechimlarni ekspert komissiyasi oldida asoslab berdi. Mazkur format o‘zlashtirilgan bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash bilan birga, mutaxassislarning amaliy boshqaruv faoliyatiga tayyorligini tasdiqlash imkonini berdi.
2026-yil 27-aprel kuni o`quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilarga sertifikatlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Har bir bitiruvchiga dastur bo‘yicha bilimlarni o‘zlashtirilgani hamda strategik boshqaruv vositalarini kasbiy faoliyatida qo‘llashga tayyorligini tasdiqlovchi hujjat topshirildi.
Mazkur dastur yangi avlod davlat boshqaruvchilari strategik hujjatlarni ishlab chiqish, ularni amalga oshirishni kuzatish va nazorat qilishga qodir mutaxassislarni shakllantirishga qaratilgan tizimli ishlarning muhim qismi hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishda malakali kadrlar tayyorlash milliy rivojlanish maqsadlariga erishish hamda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirishga bevosita xizmat qiladi. Tasdiqlangan rejaga muvofiq, mazkur o‘quv dasturi keyingi tinglovchilar guruhlari uchun ham davom ettiriladi.






