Avval xabar qilinganidek, mamlakatimiz vazirlik va idoralarida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyatini keng tushuntirishga qaratilgan iqtisodiy mashg‘ulotlar davom etmoqda. Navbatdagi shunday tadbir “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi vakillari ham ishtirok etdi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi aholi qadriyatlari va kutilmalarini to‘liq aks ettirishga qaratilgan bo‘lib, davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan “xalq ishonchini oqlash” tamoyili har bir davlat organi faoliyatining fuqarolar manfaatlariga yo‘naltirilishini anglatadi.
Shuningdek, strategiyada belgilangan samaradorlik ko‘rsatkichlarining o‘ziga xos jihatlari ham alohida qayd etildi. Xususan, barcha ko‘rsatkichlar aniq o‘lchanadigan va baholanadigan shaklda, umumiy shiorlar va noaniq ifodalardan holi tarzda belgilangan. Ko‘rsatkichlar 2030 yilgacha bo‘lgan davr uchun yillar kesimida belgilangan bo‘lib, ularning ijrosi Agentlik tomonidan yaratilayotgan maxsus onlayn platforma orqali oy va choraklar kesimida monitoring qilinadi.
Mazkur kontekstda respublikaning ichki salohiyatini aniqlash maqsadida qurilish materiallari ishlab chiqarish va iste’moli balansini shakllantirish muhimligi alohida ta’kidlandi. Xususan, tarmoq yo‘nalishlarini uchta asosiy guruhga ajratish nazarda tutilmoqda:
— birinchidan, ichki raqobat shakllangan va qo‘shimcha davlat qo‘llab-quvvatlovisiz barqaror faoliyat yurita oladigan ishlab chiqarishlar;
— ikkinchidan, o‘sish salohiyatiga ega bo‘lib, biroq davlat tomonidan mo‘tadil rag‘batlantiruvchi choralarni (regulyativ, fiskal va monetar) talab qiladigan yo‘nalishlar;
— uchinchidan, ehtiyoj ichki xomashyo bazasi imkoniyatlaridan sezilarli darajada yuqori bo‘lgan va hozirgi bosqichda import hisobiga qoplanishi zarur bo‘lgan segmentlar.
Bunday tizimlashtirish ortiqcha davlat aralashuvini cheklagan holda, bozor mustaqil faoliyat yurita oladigan sohalarda aralashmaslikni ta’minlaydi hamda qo‘llab-quvvatlash resurslarini aynan zarur yo‘nalishlarga yo‘naltirish imkonini beradi.

Shu bilan birga, asosiy strategik ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida mahalliy xomashyo bazasiga maksimal darajada tayanish belgilandi. Xomashyo ta’minotini mahalliylashtirish nafaqat ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish vositasi, balki tarmoqning texnologik suverenitetini mustahkamlash va tashqi yetkazib beruvchilarga qaramlikni izchil qisqartirish omili sifatida qaralmoqda.
Uyushma rahbarlari va mutaxassislari bilan tarmoq rivojining istiqbollari yuzasidan mazmunli fikr almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbir yakunida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida belgilangan samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishish barcha vazirlik va idoralar uchun ustuvor vazifa ekani yana bir bor ta’kidlandi hamda ularning ijrosi doimiy monitoring ostida ekanligi qayd etildi.






