Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi sessiyasida hududni 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi loyihasi muhokama qilindi.
Bu hujjat “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining uzviy davomi boʻlib, Qoraqalpogʻistonning imkoniyatlari, Orolboʻyi mintaqasining oʻziga xosligi va aholi talablarini roʻyobga chiqarishga moʻljallangan.
Soʻnggi yillarda hudud iqtisodiyotida sezilarli oʻsish kuzatilmoqda. 2025-yil yakuniga koʻra, yalpi hududiy mahsulot 4,3 milliard dollarga yetdi.
Endi esa asosiy maqsad – bu oʻsishni yanada tezlashtirish va uni har bir odam hayotida seziladigan natijaga aylantirish.
Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan xujjat loyihasini tayyorlashda Qoraqalpogʻistonning ichki imkoniyatlariga, ustun tomonlariga alohida eʼtibor qaratilgan. Masalan, sanoatda faqat xomashyo sotishdan koʻra, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ulushini oshirishga urgʻu berilgan.
Sanoatning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 20 foizdan 32 foizga yetkaziladi. Infratuzilmasi tayyor 8 ta sanoat maydoni tashkil etilib, 60 ta oʻrta va yirik loyiha amalga oshiriladi. Bu esa sanoatning oʻzida kamida 20 ming doimiy ish oʻrni, yaʼni minglab oila uchun barqaror daromad degani.
Natijada 2030-yilgacha Qoraqalpogʻistonning yalpi hududiy mahsulotini 7,8 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Bu bugungidan deyarli ikki barobar koʻp, aholi jon boshiga daromad esa 1,7-martaga oshadi.
Hududning geografik joylashuvi ham katta imkoniyat. Qozogʻiston va Turkmaniston bilan chegaradoshlik, xalqaro yoʻlaklar eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. 2030-yilgacha umumiy eksport hajmi 435 million dollardan 900 million dollarga, yaʼni 2,1 barovarga oshiriladi. Nukus xalqaro aeroporti orqali 12 ta yangi muntazam avia yoʻnalish yoʻlga qoʻyilib, yoʻlovchilar oqimi 350 ming nafardan 1,2 million nafarga yetkaziladi.
Strategiyaning eng ijtimoiy yoʻnalishi – kambagʻallikni qisqartirish. 31,2 ming kambagʻal oila mahallabay tahlil qilinib, mutlaq kambagʻallikka toʻliq barham beriladi, ishsizlik 5,0 foizdan 3,0 foizdan pastga tushiriladi. Har yili kamida 4 mingdan ortiq mikroloyiha moliyalashtiriladi, oʻrtacha ish haqi 5,0 million soʻmdan 9,0 million soʻmga, yaʼni 1,8-martaga oshiriladi.
Taʼlim va tibbiyotda ham aniq marralar bor. Kasbiy taʼlim bitiruvchilarining bandligi 64,4 foizdan 85 foizga yetkaziladi, xotin-qizlarning iqtisodiy faolligi oshiriladi. Mahallalarda aholi salomatligini mustahkamlash markazlari tashkil etiladi.
Endi iqtisodiy oʻsishning oʻzi yetarli emas. Muhimi – bu oʻsish har bir oila, har bir inson hayotida oʻz aksini topishi kerak.
Qoraqalpogʻiston uchun eng hayotiy masalalardan biri – suv va ekologiya. Strategiyada bu yoʻnalishga alohida eʼtibor qaratilgan. Sugʻorishda suv yoʻqotilishi 40 foizdan 30 foizga kamaytiriladi, 244 kilometr kanal betonlanadi, 170 ming gektar yer lazerli tekislanadi.
Umuman aytganda, “Qoraqalpogʻiston – 2030” strategiyasi yangi rivojlanish bosqichi, daromadli ish oʻrinlari, sifatli taʼlim, sogʻlom muhit va farovon oilalar “yoʻl xaritasi”.
Uning ijrosi jamoatchilik nazoratida boʻladi. Har bir koʻrsatkich Strategik rejalashtirish va rivojlanishning raqamli platformasi orqali kuzatib boriladi. Eng muhimi, belgilangan maqsadlar kelgusida odamlarning hayotida namoyon boʻladi.






