Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashining sessiyasida “Toshkent — 2030” strategiyasi loyihasi muhokama qilindi. Hujjatga koʻra, kelgusi besh yilda poytaxt iqtisodiyoti 2,1 baravar — 60,4 milliard dollarga oʻstiriladi, lekin asosiy eʼtibor raqamlarning oʻziga emas, bu oʻsishning har bir poytaxt aholisi hayotiga qanday kirib kelishiga qaratilgan.
Strategiyani sessiyada Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Abdulla Abduqodirov taqdim etdi. Muhokamada deputatlar, tarmoq idoralari rahbarlari, tadbirkorlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Strategiya Prezidentning 2026-yil 16-fevraldagi PF-21-son Farmoni ijrosi sifatida, “Oʻzbekiston — 2030” umummilliy strategiyasi doirasida ishlab chiqilgan boʻlib, u 68 ta maqsad va 236 ta samaradorlik koʻrsatkichini oʻz ichiga oladi. Har bir koʻrsatkich boʻyicha masʼul, muddat va moliyalashtirish manbai aniq belgilangan.
Strategiyaning markaziy gʻoyasi — iqtisodiy oʻsishni qogʻozdagi raqam emas, real daromadga aylantirish. 2030-yilga qadar aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot 9,3 ming dollardan 17,7 ming dollargacha oshiriladi. Mutlaq kambagʻallikka toʻliq barham berilib, koʻrsatkich nolga tushiriladi. Manzilli qoʻllab-quvvatlash orqali ehtiyojmand xotin-qizlar soni 98 399 nafardan 27 922 nafargacha — 3,5 baravar kamayadi. IT sohasida 23 ming yosh ishga joylashtiriladi, “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali 461 ming yosh xorijiy tillarni egallaydi. Yillik inflyatsiya 5 foiz, ishsizlik esa 3,5 foizdan oshmaydigan meʼyorda saqlanadi.
Har yili 54 574 xonadonli uy-joy barpo etilib, aholi jon boshiga uy-joy maydoni 16,6 kvadrat metrdan 24,4 kvadrat metrgacha oshiriladi, “Yangi Toshkent” massivi tashkil etiladi. Metro bekatlari 50 tadan 79 tagacha, tarmoq uzunligi 71 kilometrdan 103 kilometrgacha yetkaziladi, poyezdlar harakat intervali 2–3 daqiqagacha qisqaradi. Jamoat transportidan foydalanish 40 foizdan 60 foizgacha oshirilib, 1 000 kilometr yoʻl taʼmirlanadi va 700 ta “aqlli” chorraha tashkil etiladi.
Oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 75,2 yoshdan 78 yoshgacha uzaytirilib, barcha tibbiyot muassasalari toʻliq raqamlashtiriladi. Maktabgacha taʼlim qamrovi 81,2 foizga, oliy taʼlim qamrovi 50 foizgacha oshiriladi. Shahardagi yashil maydonlar ulushi 14,1 foizdan 30 foizgacha koʻpaytirilib, 4 450 gektar yangi yashil hudud barpo etiladi, maishiy chiqindilar bilan xizmat qamrovi 100 foizga yetkaziladi.
Shaharning yillik eksporti 7,5 milliard dollarga yetkazilib, geografiyasi 120 ta davlatgacha kengayadi. IT xizmatlari eksporti 775 million dollardan 4 milliard dollargacha — 5,2 baravar oshiriladi. Xorijiy sayyohlar soni 7,5 million, mahalliy sayyohlar 20 million nafarga yetkaziladi. Xususiy sektorning YAHMdagi ulushi 51,7 foizdan 66,6 foizgacha oshirilib, 103 ming kichik biznes subyekti izchil qoʻllab-quvvatlanadi.
Strategiyaning oldingi dasturlardan farqi — uning “maqsad — harakat — natija” zanjiri asosida qurilganligidadir. Har bir tuman uchun alohida “hududiy pasport” ishlab chiqiladi, ijro esa raqamli platforma va “Ijro.gov.uz” tizimida “yashil — sariq — qizil” toifalarda, har bir fuqaro uchun ochiq kuzatiladi. Oraliq baholash 2028-yilda, yakuniy baholash esa 2031-yilning birinchi choragida oʻtkaziladi.
Muhokama yakunida loyiha maʼqullanib, uni amalga oshirish boʻyicha tegishli qaror qabul qilindi.






