Avval xabar qilinganidek, 2026-yil fevral oyida Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan davlat boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligini baholash dasturi — Uzbekistan Government Quality Award ning uchinchi sikliga start berildi. Ushbu dastur vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalar faoliyatini mustaqil va kompleks baholash vositasi bo‘lib, har bir idoraning o‘z faoliyati sifatini oshirish yo‘lidagi rivojlanish darajasini xolisona aniqlash imkonini beradi. Baholash uchta o‘zaro bog‘liq yo‘nalish asosida olib boriladi: strategik boshqaruv, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati hamda inson kapitalini rivojlantirish.
Mazkur bosqichni amalga oshirishda mamlakatning yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlari vakillaridan shakllantirilgan va ikki oy davomida baholash metodologiyasi hamda amaliy ko‘nikmalar bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan milliy ekspertlar jamoasi ishtirok etdi. Dastur tashkilotchilari — BAA Hukumat ishlari vazirligi mutaxassislarining ta’kidlashicha, jalb etilgan mahalliy ekspertlar davlat boshqaruvi tizimi va baholash metodologiyasi bo‘yicha chuqur bilim va yuqori malakani namoyon etdilar. Ularning bilim va fidoyiligi Agentlik hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Muvofiqlashtiruvchi kengash rahbariyati tomonidan yuqori baholandi.
Strategik rivojlanish va islohotlar agentligida direktorning birinchi o‘rinbosari A. Abduqodirov rahbarligida mahalliy baholovchi ekspertlar bilan yakuniy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda dastur uchinchi siklining joriy bosqichi bo‘yicha oraliq natijalar sarhisob qilinib, joylarga chiqib o‘tkazilgan baholashlar natijalari, asosiy kuzatuvlar hamda davlat organlari faoliyatida aniqlangan tizimli masalalar batafsil muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida baholovchilarning amaliy tajribasi, ularning tahliliy xulosalari va metodologiyani yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar baholash jarayonining shaffofligi va xolisligini oshirish, uning tahliliy komponentini kuchaytirish, shuningdek, xalqaro ilg‘or tajribalarni, jumladan BAA tajribasini moslashtirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Baholash tartib-taomillarini optimallashtirish, milliy baholovchilar institutini rivojlantirish hamda dastur ishtirokchilarini tayyorlash sifatini oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra quyidagi to‘rtta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi:
– dastur metodologiyasini O‘zbekiston davlat boshqaruvi tizimi xususiyatlarini inobatga olgan holda mahalliylashtirish;
– mahalliy ekspertlar tajribasidan boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarda o‘xshash dasturlarni amalga oshirishda foydalanish;
– professional milliy baholovchilar kadrlar zaxirasini shakllantirish;
– ekspertlar jamoasi xulosalarini davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirishda amaliy qo‘llash.
Mazkur tavsiyalar keyingi baholash sikllarini tashkil etishda inobatga olinadi hamda mamlakat fuqarolari manfaatlari yo‘lida zamonaviy sifat standartlarini joriy etishga xizmat qiladi.






