“Sifatli davlat boshqaruvi” dasturi (Government Quality Award) doirasida o‘tkazilgan tanlovda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ofisi boshlig‘i Akbarxon Sobirxonov “Namunali iqtidorli yosh xodim”, deb topildi. Bu baho nafaqat uning shaxsiy faoliyati natijalarini, balki yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, mamlakatda muhandislik va startap harakatini rivojlantirishga qaratilgan tizimli hamda innovatsion yondashuvini ham aks ettiradi.
Baholash qanday o‘tkazildi?
Nomzod faoliyati oltita asosiy mezon: yutuqlar va strategik qarash, innovatsion fikrlash, o‘qish va yondashuvlarni yangilab borish, tadbirkorlik qobiliyati, ijobiy ta’sir hamda ijtimoiy faollik bo‘yicha baholandi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha xodimning aniq natijalari bilan bir qatorda sohaning uzoq muddatli rivojiga qo‘shgan hissasi, murakkab vazifalarni hal qilish qobiliyati va hamkasblariga o‘rnak bo‘la olishi ham tahlil qilindi.
Tashabbuslarning amaliy samarasi, ularning milliy ustuvor yo‘nalishlar va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasiga muvofiqligi, shuningdek, xodimning uzluksiz ta’lim olishga intilishi hamda ilg‘or xalqaro tajribani amaliyotga joriy etishga tayyorligiga alohida e’tibor qaratildi.
Asosiy ko‘rsatkichlar va yutuqlar
Startaplar va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash. 2025 yilda uning rahbarligida 2 000 ta startap loyihasi qo‘llab-quvvatlandi. Ularning 83 tasi rasman ro‘yxatdan o‘tkazilib, faoliyatini boshladi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilda ishga tushirilgan 24 ta loyihaga nisbatan 3,5 barobar yuqori natijani tashkil etadi.
STEM sohasida Ginness rekordi. 2025 yil avgust oyida u yirik robototexnika tadbirini tashkil etishga boshchilik qildi. Tadbir davomida 2 000 nafar yosh muhandis atigi 25 daqiqa ichida 1 ming 946 ta robot yig‘di. Mazkur natija Ginness rekordlar kitobi tomonidan rasman e’tirof etildi va yoshlarning aniq fanlarga qiziqishi ortib borayotganining yorqin isbotiga aylandi.
“INNO” texnoparkini rivojlantirish. Xodim 2021 yilda tashkil etilgan “INNO” o‘quv-ishlab chiqarish texnoparkini yaratish jarayoniga munosib hissa qo‘shdi hamda Davlat rahbarining tashrifi chog‘ida “Robototexnika va mexatronika” laboratoriyasi faoliyatini shaxsan taqdim etdi. 2023–2025 yillarda texnopark 43 ta tadbirkorlik subyektiga rezident maqomini berdi. Buning natijasida 36 turdagi innovatsion mahsulot ishlab chiqarilib, 9 turdagi xizmatlar yo‘lga qo‘yildi.
“Yoshlar akademiyasi liderlari” tizimi. Xodim tashabbusi bilan 2023 yilda joriy etilgan mazkur tizim bugungi kunda mamlakatning 14 hududidagi 120 ta oliy ta’lim muassasasida samarali faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 120 dan ortiq oliygohda sohaviy forumlar tashkil etildi.
E’tirof va mukofotlar. Xodim oltita davlat va idoraviy mukofot bilan taqdirlangan. Ular qatorida “Kelajak Bunyodkori” medali (2018), “Namunali xizmatlari uchun” II va III darajali ko‘krak nishonlari (2019), Mustaqillikning 30 yilligi (2021) va Konstitutsiyaning 30 yilligi (2022) esdalik nishonlari, shuningdek, “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni (2025) mavjud.
Xalqaro va volontyorlik loyihalari. Xodim YUNESKO Bosh konferensiyasining Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan 43-sessiyasini tashkil etish ishlarida ishtirok etdi, konferensiya doirasida 650 nafar volontyor faoliyatini muvofiqlashtirdi hamda 160 dan ortiq milliy volontyorlik tadbirlarida qatnashdi. Shuningdek, uning tashabbusi bilan innovatsion fikrlashni rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan “Kelajak muhandislari” xalqaro festivalini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar
Ekspertlar komissiyasi kelgusidagi rivojlanish uchun bir qator yo‘nalishlarni belgilab berdi. Jumladan, tashabbuslar uchun aniq KPI (samaradorlikning asosiy ko‘rsatkichlari)ni belgilash, ular orqali erishilgan natijalarning amaliy ta’siri va qiymatini, shuningdek, tashkilotning strategik maqsadlari hamda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasiga muvofiqligini ta’minlash tavsiya etildi.
Shu bilan birga, idoraning strategik maqsadlari bilan uyg‘unlashtirilgan o‘rta va uzoq muddatli rejalarni ishlab chiqish, rejalashtirish va qaror qabul qilish jarayonlarida forsayt vositalaridan foydalanish, shuningdek, xavf-xatarlar va chaqiriqlarni aniqlash, baholash hamda ularning ehtimoliy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan tizimli yondashuvni joriy etish maqsadga muvofiqligi aytildi.






