Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi rahbariyati Oʻmon Sultonligi iqtisodiyot vaziri Xamis bin Sayf al-Jabriy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar strategik rejalashtirish, davlat boshqaruvi samaradorligi monitoringi hamda raqamli transformatsiya sohalaridagi tajribalari bilan o‘rtoqlashib, bu borada qo‘llanilayotgan yondashuvlarning o‘xshashligini qayd etdilar.
Oʻmon iqtisodiyot vaziri COVID-19 pandemiyasi va neft narxining pasayishi sharoitida 2021-yil 1-yanvardan boshlab “Vision 2040” milliy strategiyasi amalga oshirilayotgani haqida ma’lumot berdi. U bo‘yicha belgilangan vazifalar noqulay tashqi iqtisodiy vaziyatga qaramay to‘liq bajarilganini ta’kidladi. Bu strategiyada iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, moliyaviy moslashuvchanlikni kengaytirish, yoshlar bandligini ta’minlash hamda raqamli transformatsiya ustuvor yo‘nalishlar qatoridan o‘rin olgan.
O‘z navbatida, Agentlik rahbariyati O‘zbekistonning strategik maqsadlarni belgilash borasidagi yondashuvlarini bayon etdi. Bu strategiyalarning markazida fuqarolar farovonligini oshirish maqsadi turadi. Uchrashuvda mamlakatimizdagi institutsional islohotlar, har bir vazirlikda vazir maslahatchilari maqomida strategik rejalashtirish bo‘linmalarini tashkil etish amaliyoti, shuningdek, Jahon banki tomonidan yuqori baholangan davlat xizmatlarini raqamlashtirish tajribasi haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, investorlar uchun mamlakatni pozitsiyalash modeli alohida muhokama qilindi. O‘zbekiston investorlar uchun nafaqat xomashyo resurslarini, balki siyosiy barqarorlik, xavfsizlik, qulay geografik joylashuv, rivojlangan inson kapitali va zamonaviy infratuzilma kabi raqobatdosh ustunliklar majmuasini taklif etishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning amaliy jihatlarini ishlab chiqishga kelishib olindi.






