“Sifatli davlat boshqaruvi” dasturining (Government Quality Award) 2026-yilgi natijalariga ko‘ra, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ummatoy Yo‘ldosheva “Namunali ayol xodim” mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Yutuqlar va kelajakka nazar
Ummatoy Yo‘ldasheva vazirning eng yosh maslahatchisi hisoblanadi. Uning rahbarligida 50 nafardan ortiq xodim faoliyat yuritadi. Nazoratidagi loyihalar 13 ta tashabbusni qamrab olgan bo‘lib, shundan 5 tasi strategik ahamiyatga ega.
“Online Mahalla” va “Oson Ish” platformalarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, nomzodlarni avtomatik saralash tizimlari hamda tahliliy boshqaruv panellarini yaratish natijasida 85 mingdan ortiq ish izlovchi faollashtirildi, 6 500 dan ziyod kompaniya jalb etildi, 34 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rni yaratildi va 13 mingdan ortiq fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Asosiy xizmat vazifalaridan tashqari, Ummatoy Yo‘ldasheva keng ijtimoiy ahamiyatga ega tashabbuslarni ham amalga oshirmoqda. Jumladan, “Pervona” dasturi xotin-qizlarning iqtisodiy hayotdagi ishtirokini kengaytirish va daromad topish imkoniyatlarini yaratishga xizmat qilsa, “Anora” dasturi raqamli texnologiyalar bo‘yicha ta’lim olish imkoniyatlarini taqdim etadi. Mentorlik va ta’lim faoliyati doirasida u innovatsiyalar sohasidagi xalqaro dastur va tanlovlar ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Strategik istiqbolda uning faoliyati raqamli ko‘nikmalar va xotin-qizlar ishtirokini kengaytirishga qaratilgan. Mamlakat bo‘ylab ushbu dasturlar qamrovini 3-7 ming nafardan 50 ming nafargacha oshirish rejalashtirilgan. Bu tashabbuslar inson kapitalini mustahkamlash va milliy raqamli iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Innovatsion fikrlash
Ummatoy Yo‘ldasheva ayollar uchun raqamli kasblar va daromad manbalariga yo‘l ochuvchi “Anora” va “Pervona” dasturlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etdi.
Shuningdek, foydalanuvchilar xatti-harakatlari va tizimdagi mavjud muammolar tahlili asosida My.mehnat.uz (2021-yildan), “Oson Ish” (2025-yil) hamda “Elektron Mahalla” (2022-yil) platformalarini takomillashtirish tashabbuslarini ilgari surdi. Natijada 10 mingdan ortiq murojaatlarni qayta ishlash va saralash imkoniyati yaratildi, qo‘lda bajariladigan ishlar hajmi qisqardi hamda xizmatlar barqarorligi oshirildi.
Innovatsion faoliyat rasmiy ravishda ham e’tirof etilgan. “Anora” platformasi № MGU 55689-sonli patent bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan va intellektual mulk guvohnomalari olingan.
Mazkur ishlanmalar quyidagi mukofot va yutuqlar bilan taqdirlangan Yulduz Tech Award 2024 – “Yilning eng yaxshi startapi” va “Eng yaxshi foydali ilova”, Global Startup Award (Turkiya) III o‘rin, Alibaba Get Global Challenge (Xitoy) III o‘rin, Entrepreneurship World Cup – III o‘rin, “O‘zbekiston uchun 100 g‘oya” tanlovi finalchisi.
Bundan tashqari, axborot texnologiyalari menejmenti va innovatsiyalar mavzusida to‘qqizta ilmiy tadqiqot muallifi bo‘lib, ularning ayrimlari Praga va Boston shaharlarida taqdim etilgan.
Ta’lim va shaxsiy rivojlanish
Ummatoy Yo‘ldasheva professional rivojlanishga izchil sarmoya kiritib kelmoqda. U “Informatika” yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lib, magistratura bosqichini 2026-yilda yakunlashi kutilmoqda.
Shuningdek, u Google Project Management sertifikati (2025), Pragadagi Karl universitetining TFAS dasturi (2022), Women in Leadership dasturi, ESCP Business School (2020), Markaziy Osiyo yoshlar yetakchiligi akademiyasi (2020) kabi xalqaro dastur va sertifikatlarni qo‘lga kiritgan.
U 6 mingdan ortiq nomzod orasidan saralanib, TechWomen 2025 (Meta, Silikon vodiysi) dasturi ishtirokchisiga aylangan. Bundan tashqari, IVLP, Huawei Seeds for the Future dasturlarida hamda Rim, Polsha va Turkiyada o‘tkazilgan xalqaro forumlarda qatnashgan.
Olgan bilimlarini amaliyotga tatbiq etib, raqamli platformalarni takomillashtirish, mentorlik faoliyati, ommaviy chiqishlar, jumladan BMT va FAOning Rimdagi maydonlarida ma’ruzalar qilish hamda har bir sessiyada qariyb 200 nafar ishtirokchini qamrab oluvchi muntazam seminarlar tashkil etib kelmoqda.
Samsung bilan hamkorlik esa amaliy tajribalarni tizimli takomillashtirish jarayonlariga joriy etish imkonini yaratdi.
Ummatoy Yuldasheva o‘zbek, rus, ingliz va turk tillarini biladi. Bu esa unga turli madaniyat vakillari bilan samarali muloqot qilish hamda vazirlikning xalqaro nufuzini mustahkamlash imkonini bermoqda.
Digital Generation Girls tashabbusi koordinatori sifatida u axborot texnologiyalari sohasidagi gender tafovutini qisqartirishga qaratilgan milliy dasturni amalga oshirmoqda. Shuningdek, Technovation Girls dasturidagi mentorlik faoliyati uchun Open Data Challenge doirasida “Eng faol mentor” maqomi bilan taqdirlangan.
Takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar
Shu bilan birga, baholovchilar jamoasi uning professional salohiyatini yanada rivojlantirish maqsadida bir qator tavsiyalarni ham bildirdi.
Natijadorlik nuqtai nazaridan erishilgan yutuqlarni baholashning aniqligini oshirish, bazaviy ko‘rsatkichlar, maqsadli natijalar va institutsional maqsadlar bilan bevosita bog‘langan aniq KPIlarni belgilash tavsiya etildi. Shuningdek, tashabbuslarni amalga oshirish jarayonida yuzaga kelgan qiyinchiliklar va ularni bartaraf etish usullarini hisobotlarda aks ettirish maqsadga muvofiq deb topildi.
Innovatsiyalar yo‘nalishida esa joriy etilgan yangiliklarning samaradorligini baholovchi miqdoriy ko’rsatkichlarni ishlab chiqish, jumladan ma’lumotlarni qayta ishlash tezligi va tizimlar unumdorligidagi o‘zgarishlarni o‘lchash hamda amalga oshirilayotgan tashabbuslarning vazirlik miqyosidagi aniq natijalar bilan bog‘liqligini yanada ravshan ko‘rsatish tavsiya etildi.






