Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan rejaga muvofiq, vazirlik va idoralarda iqtisodiy oʻquvlar oʻtkazilmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasida boʻlib oʻtgan tadbirda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati haqida soʻz yuritildi.
Sodda qilib aytilgan “xalqni rozi qilish” tushunchasi aslida xalq bilan muloqotni kengaytirish, xalqni bezovta qilayotgan har bir muammoning ildizlarini chuqurroq oʻrganish, har bir davlat idorasining faoliyati mazmunida xalqning kutilmalari, bezovta qilayotgan omillar yechimini aks ettirishni nazarda tutadi. Bu maʼnoda xalq qadriyatlarini yuzaga chiqarishni, qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutgan har qanday uzoq muddatga moʻljallangan reja aynan strategik reja maqomini oladi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 16-fevraldagi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan qabul qilingan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida 100 ta maqsad va ularga erishish boʻyicha 437 ta samaradorlik koʻrsatkichi belgilangan.
Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari A.Abduqodirov Strategiyaning muhim jihatlari haqida soʻzlab berdi.
Birinchidan, strategik rejalar xalq qadriyatlarini toʻla aks ettiruvchi davlat rahbari tomonidan jamiyatimizga taklif etilgan “ijtimoiy shartnoma”ning bir turi deb qabul qilinishi va ishlab chiqilishi kerak.
Ikkinchidan, strategik qarorlar xalq qadriyatlarini yuzaga chiqarish boʻyicha davlat idoralari oldida turgan vazifalarni aniq belgilashi kerak. Yaʼni yettita muhim boʻgʻin “qadriyatlarni aniqlash – maqsadlarni belgilash – ijro mexanizimi oʻrnatish – ijro resurslarini safarbar qilish – ijro nazorati, monitoringni tashkil etish – xalqqa hisobot berib borish, zarur hollarda rejalarga oʻzgartirish kiritish” har qanday strategik rejalashtirishning ichki mantigʻi va maʼnosi boʻlishi kerak.
Uchinchidan, Strategiyada real sharoitga mos, oʻlchash va baholash imkoni mavjud samaradorlik koʻrsatkichlari belgilangan. Hisoblab boʻlmaydigan, umumiy topshiriq yoki shior koʻrinishidagi vazifalar chiqarib tashlangan.
Toʻrtinchidan, barcha samaradorlik koʻrsatkichlari 2030-yilgacha yilma yil belgilangan boʻlsa-da, ularning bajarilishi maqsad tabiatidan kelib chiqib, oyma-oy va choraklar kesimida monitoring qilib boriladi. Bu hozirda Agentlik tomonidan yaratilayotgan onlayn platformada muntazam kuzatib boriladi.
Beshinchidan, Strategiyada har bir vazirlik va idoraning masʼuliyati ularning vakolatlari va imkoniyatlari bilan balanslangan. Agar maqsadli koʻrsatkichlarga erishish jarayonida “vakolat-masʼuliyat-imkoniyatlar” oʻrtasidagi muvozanat buzilgani aniqlansa, tegishli takliflar Rahbariyatga kiritilib boriladi.
Xususan, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining 174-koʻrsatkichida bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish orqali bojxona tushumlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 4,4 foizdan kam boʻlmasligini taʼminlash vazifasi belgilangan.
Bojxona organlari rahbarlari va shaxsiy tarkibi bilan mazkur koʻrsatkichning iqtisodiy ahamiyati haqida fikr almashildi.
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining samaradorlik koʻrsatkichlariga erishish barcha darajadagi vazirlik va idoralarning eng ustuvor vazifasi ekani, ularning ijrosi doimiy monitoring qilib borilishi taʼkidlandi.






