22 may kuni Toshkentda “Sifatli davlat boshqaruvi” dasturi yakunlariga bag‘ishlangan tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruvida samaradorlikka erishganlik uchun hukumat mukofoti (Government Quality Award) g‘oliblarini e’lon qildi.
Ushbu dastur O‘zbekiston tomonidan Birlashgan Arab Amirliklari bilan birgalikda amalga oshirilmoqda hamda samarali davlat boshqaruvi tizimini barpo etishda BAAning ilg‘or xalqaro tajribasiga tayanadi.
Government Quality Award dasturi – doimiy amalda bo‘lgan milliy baholash tizimi. Uni Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi muvofiqlashtiradi. 2023 yildan boshlab vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalar faoliyati ikki yilda bir marta samaradorlik va boshqaruv sifatining yagona mezonlari bo‘yicha baholanadi. Dastur idoralar faoliyatida “jarayon uchun” emas, “natija uchun” ishlash tamoyilini asosiy mezonga aylantirmoqda.
Bu yil O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi mukofotning «Eng yaxshi vazirlik» nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Baholash shuni ko‘rsatdiki, vazirlik an’anaviy huquqiy-ma’muriy organdan siyosat ishlab chiquvchi va sifatli xizmatlar ko‘rsatuvchi zamonaviy, raqamlashtirilgan institutga aylangan. Uning vakolatlari kengaydi va bugungi kunda huquqiy tizimni rivojlantirish, tartibga solish islohoti, davlat xizmatlarini ko‘rsatish va raqamli boshqaruvni qamrab oladi. Bu esa vazirlikni qonun ustuvorligi hamda davlat samaradorligini ta’minlashda markaziy tayanchlardan biriga aylantirdi.
Quyida tanlov qaysi mezonlar bo‘yicha o‘tgani, qaysi natijalar kuchli deb topilgani va keyingi rivojlanish uchun qanday tavsiyalar berilgani bo‘yicha asosiy xulosalar keltirilgan:
Baholash qanday o‘tdi?
Vazirlik faoliyati uning butun boshqaruv tizimini qamrab oluvchi uchta asosiy mezonlar guruhi bo‘yicha baholandi:
Maqsadning bajarilishi. Vazirlik strategiyasining «O‘zbekiston-2030» strategiyasi bilan muvofiqligi, maqsad qo‘yish sifati, samaradorlikning asosiy ko‘rsatkichlari tizimi, loyihalarni boshqarish va ma’lumotlar bilan ishlash.
Asosiy vazifalar va innovatsiyalar. Tashkiliy tuzilma, huquqiy va davlat xizmatlarini ko‘rsatish, jarayonlarni reinjiniring qilish, servislarni loyihalash va innovatsion faoliyat.
Integratsiyalashgan ta’minlovchi omillar. Inson kapitalini, resurslarni boshqarish, ekologik barqarorlik va korporativ boshqaruv tizimi.
Asosiy ko‘rsatkichlar va yutuqlar
Baholash institutsional samaradorlikning yuqori darajasini ko‘rsatdi. KPIga erishish 2024 yilda 91,8 % va 2025 yilda 95,4 % ni tashkil etdi. Jahon adolat loyihasining Qonun ustuvorligi indeksida O‘zbekiston 143 ta mamlakat orasida 81-o‘ringa ko‘tarildi hamda 2016 yildan buyon uzoq muddat davomida yaxshilanishga erishgan mamlakatlardan biri deb tan olindi. BMTning elektron hukumatni rivojlantirish indeksi ko‘rsatkichi 0,7999 ga yetdi. Bu belgilangan rejadan ham ilgarilashdir. Elektron hukumat reytingi esa bir yil ichida 22-o‘rindan 11-o‘ringa ko‘tarildi.
Xizmatlar sohasida Adliya vazirlik 30 ta platformada to‘liq raqamlashtirilgan 380 ta davlat xizmatini ko‘rsatadi, 780 dan ortiq xizmat onlayn tarzda mavjud, raqamlashtirish darajasi esa 78 % ga yetgan. Biznes jarayonlar reinjiniring qilingani qadamlar sonini 85 % ga, qayta ishlash vaqtini 45 % ga, qog‘oz sarfini 55 % ga qisqartirdi. Ayrim xizmatlarni ko‘rsatish vaqti bir necha soatdan daqiqalargacha kamaygan, fuqarolarning xizmatlardan qoniqish darajasi esa 85 % dan 93 % ga oshgan. Bu tizimning samaradorligi fuqarolarning 1,2 milliondan ortiq murojaati hal etilgani va ularning foydasiga 20,1 mlrd so‘m qaytarilgani, shuningdek, sud hujjatlarining bekor qilinishi 99,9 % ga kamaygani bilan tasdiqlanadi.
«Tartibga solish gilotinasi» qariyb 10 000 ta huquqiy hujjatni bekor qilish hamda 35 ta sohada 40 000 dan ortiq majburiy talabni tizimlashtirish imkonini berdi. Tartibga solish ta’sirini baholash tizimi to‘rt yil ichida taxminan 880 mln AQSh dollari miqdoridagi xarajatlarning oldini oldi.
Boshqaruv 6 ta xalqaro ISO sertifikati va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 93 ballik ko‘rsatkich bilan mustahkamlangan. Innovatsiyalar orasida 34 000 ta normativ hujjat asosida o‘qitilgan LexAI tizimi, fuqarolarga arizasiz avtomatik ravishda huquqlarni taqdim etuvchi proaktiv xizmatlar va ta’limiy tashabbuslar – 80 000 foydalanuvchiga ega «Yuridik maktab» ilovasi hamda 217 ta maktabdagi «Huquq darslari» qayd etildi.
Yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar
Baholash yuqori natijalar bilan bir qatorda keyingi rivojlanish yo‘nalishlarini ham ko‘rsatib berdi. Vazirlikka strategik bashoratlash va ssenariy modellashtirishning doimiy mexanizmini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, manfaatdor tomonlarni jalb etishda maslahatlashuvlar bilan cheklanmay, biznes, akademik hamjamiyat va fuqarolik jamiyati ishtirokida yechimlar ishlab chiqish tavsiya etildi.
Boshqaruv sohasida KPIni yetakchi xalqaro adliya institutlariga nisbatan benchmarking qilishni kuchaytirish hamda faqat amalga oshirish jarayoniga emas, balki natija va ijtimoiy ta’sirga yo‘naltirilgan ko‘rsatkichlar to‘plamini kengaytirish taklif etildi. Tan olingan xalqaro metodologiyalarni – loyihalarni boshqarishda (PMI, PRINCE2), bilimlarni boshqarishda (ISO 30401), risklarni boshqarishda (ISO 31000) va faoliyat uzluksizligini ta’minlashda (ISO 22301) joriy etish, shuningdek barcha 380 ta raqamli xizmat bo‘yicha aniq samaradorlik standartlarini rasmiylashtirish tavsiya qilindi.
Davlat sektorining xalqaro hisobot standartlari bo‘yicha yagona yillik samaradorlik hisobotini e’lon qilish maqsadga muvofiqligi alohida ta’kidlandi. Bu shaffoflikni va manfaatdor tomonlarning ishonchini oshiradi, shuningdek, real vaqt rejimida qaror qabul qilish uchun boshqaruv, risklar va audit ma’lumotlarini yagona tahliliy panelga birlashtirishga xizmat qiladi.






