Sifatli davlat boshqaruvi sohasidagi yutuqlar uchun beriladigan mukofot (Government Quality Award) doirasida o‘tkazilgan baholash yakunlariga ko‘ra, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Omonov Olim Murodullayevich “Namunali vazir o‘rinbosari” mukofoti bilan taqdirlandi. Bu e’tirof unga sog‘liqni saqlash tizimini raqamli transformatsiya qilishdagi shaxsiy hissasi, tibbiy xizmatlarning qulayligi, tezkorligi va sifatini oshirishga qaratilgan aniq natijalarga erishgani uchun berildi.
Natijalar va yutuqlar
Vazir o‘rinbosari rahbarligida Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan yagona elektron tibbiy tizim – DMED (Digital Medicine) amaliyotga tatbiq etildi. Bu platforma 16 ta modul asosida faoliyat yuritib, mamlakatimizning 38 million aholisini to‘liq qamrab olgan.
Tizimga 8 mingdan ortiq xususiy klinika hamda 6 mingta dorixona ulangan. Klinik qaydlar, elektron retseptlar, laboratoriya ma’lumotlari va kasallik tarixi yagona platformada yuritilishi davolash jarayonining uzluksizligini ta’minlash, takroriy amaliyotlarni qisqartirish hamda shaffoflikni oshirish imkonini bermoqda.
Tarmoqning IT-infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, kompyuterlar soni 2023-yildagi 35 mingtadan 2026-yilda 121 mingtagacha, planshetlar soni esa 4,3 mingdan 61 mingtagacha ko‘paydi. Optik tolali aloqa tarmoqlari uzunligi 615 kilometrdan 2 372 kilometrgacha uzaytirildi. 3 600 dan ortiq sog‘liqni saqlash muassasasiga 125 nafar IT-mutaxassis biriktirildi.
Shuningdek, xizmatlarni real vaqt rejimida monitoring qilish va boshqarish imkonini beruvchi Sog‘liqni saqlashning raqamli boshqaruv markazi (Situatsion markaz) tashkil etildi. Bugungi kunda tarmoqda o‘zaro integratsiyalashgan 53 ta axborot tizimi faoliyat yuritmoqda. Raqamli transformatsiya va kiberxavfsizlik milliy indeksining ko‘rsatkichi 2023-yildagi 44,4 balldan 2025-yilda 87,2 ballga yetdi.
Olim Omonov hozirgi lavozimga tayinlanishidan avval Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasiga rahbarlik qilgan. U milliy IT-infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, texnologiyalar sohasidagi ta’lim tashabbuslarini rivojlantirishda faol ishtirok etgan. Jumladan, Samarqand shahrida tashkil etilgan IT Village majmuasida 600 nafar talaba ta’lim olishi va 240 nafar dasturchining faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratilgan.
Shuningdek, uning sa’y-harakatlari bilan 12 ta loyiha bo‘yicha jami 47,8 million AQSH dollari miqdorida investitsiyalar jalb qilinib, 690 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Rahbarlik samaradorligi
Vazir o‘rinbosari tomonidan sohaning raqamli transformatsiyasi bo‘yicha strategik yo‘nalishlar belgilangan bo‘lib, 2026–2027-yillar uchun aniq maqsadli ko‘rsatkichlar ishlab chiqilgan. Raqamli xizmatlar hajmini 2026-yilda 35 milliongacha oshirish, qamrov darajasini deyarli universal ko‘rsatkichga yetkazish, qo‘shimcha modullarni hamda sun’iy intellekt asosidagi yangi yechimlarni tatbiq etish vazifalari shular jumlasidan.
DMED tizimini joriy etish operatsion rejalarni ishlab chiqish, maxsus jamoalarni shakllantirish, muassasalarni tayyorlash va qariyb 200 ming nafar tibbiyot xodimini o‘qitish orqali ta’minlandi.
Ijro intizomi belgilangan ko‘rsatkichlar asosida nazorat qilinadi. Jumladan, ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar soni, kutish vaqti hamda elektron retseptlar hajmi muntazam monitoring qilinadi. Vazir o‘rinbosari tuman darajasidagi jamoalar bilan yaqindan ishlaydi, ularning kundalik faoliyatida ishtirok etadi va mavjud kamchiliklarni o‘z vaqtida aniqlab, bartaraf etishga ko‘maklashadi.
U kasbiy rivojlanishga ham alohida e’tibor qaratib, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining mustaqil tadqiqotchisi sifatida ilmiy faoliyat olib boradi hamda ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlik tamoyillarini faol targ‘ib qiladi.
Ishdan tashqari faoliyati
Olim Omonov “Yashil makon” va “Yaxshilik qil” kabi ijtimoiy hamda jamoatchilik tashabbuslarida faol qatnashadi. Uning tashabbusi bilan sog‘liqni saqlash tizimi xodimlariga 6 ming dona muzlatgich topshirilgan. Shuningdek, 10 nafar soha xodimiga farzandining oliy ta’lim muassasalarida o‘qishi uchun moliyaviy ko‘mak ko‘rsatilgan.
Bu xislatlar uning inson manfaatlarini ustuvor qo‘yishini namoyon etib, faoliyat vazifalari bilan cheklanib qolmay, jamiyat farovonligiga ham xizmat qilayotganini ko‘rsatadi.






