Skandinaviya mamlakatlarining ijtimoiy yo‘naltirilgan davlatni barpo etish borasidagi tajribasini o‘rganish O‘zbekiston uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki ushbu mamlakatlarda amalga oshirilayotgan islohotlar samarali davlat boshqaruvi, barqaror rivojlanish va aholining yuqori farovonlik darajasining eng muvaffaqiyatli namunalaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligida Shvetsiyaning Milliy savdo kengashi (Kommerskollegium) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarni Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov olib bordi. Shvetsiya tomonidan savdo va hamkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha departament rahbari o‘rinbosari Sara Sandelius hamda departament menejeri Jenny Ikkelberg ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati batafsil taqdim etildi. Xususan, xalq bilan muloqotning rolini oshirish, strategik rejalashtirishni aholining ehtiyoj va kutishlaridan kelib chiqib shakllantirish hamda shu asosda Agentlikning joriy bosqichdagi ustuvor vazifalari haqida ma’lumot berildi. Yagona strategik rejalashtirish tizimini shakllantirish, uning ma’muriy va huquqiy asoslarini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar alohida ta’kidlandi.
Tomonlar davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, aholining turmush sifatini yaxshilash va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, strategik hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, davlat boshqaruvi mexanizmlarini takomillashtirish, zamonaviy rejalashtirish va islohotlar samaradorligini baholash yondashuvlarini joriy etish borasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Alohida qayd etildiki, ilg‘or xalqaro tajribani O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish jarayonida Skandinaviya mamlakatlarining yuqori institutsional rivojlanish, ochiqlik va ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosat borasidagi tajribasi alohida ahamiyatga ega.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirishga o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar hamda tajriba almashish va samarali boshqaruv yechimlarini joriy etish bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.






