Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Abdulla Abduqodirov Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Chuqur transformatsiyalar davrida davlat boshqaruvi samaradorligini baholash tizimlari: global bilim almashinuvi va yangi istiqbollar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hamda davlat boshqaruvi sohasidagi yetakchi xalqaro ilmiy tashkilotlardan biri hisoblangan Seoul Association for Public Administration (SAPA) hamkorligida tashkil etildi.
Konferensiyada O‘zbekiston va Koreya Respublikasidan davlat organlari, ilmiy hamjamiyat, tadqiqot markazlari vakillaridan iborat qariyb 100 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Tadbir davomida davlat boshqaruvi samaradorligini baholashning zamonaviy xalqaro yondashuvlari, davlat organlari faoliyati natijadorligini oshirish mexanizmlari, asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlarini qo‘llash, shuningdek, raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt texnologiyalarining davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishdagi o‘rni yuzasidan fikr almashildi.
Konferensiya doirasida Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi davlat boshqaruvi sifatini baholashga qaratilgan Uzbekistan Government Quality Award dasturi natijalarini taqdimot qildi. Agentlik sho‘ba mudiri Bekzod Qurbonov davlat boshqaruvi sifati bo‘yicha o‘tkazilgan baholash yakunlari, shuningdek, davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan ilg‘or tajribalar va zamonaviy yondashuvlar haqida ma’lumot berdi.
Konferensiya davomida strategik rejalashtirish, natijalarni baholashning innovatsion usullarini joriy etish hamda ilg‘or xorijiy tajribani milliy amaliyotga moslashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.







