O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-iyuldagi “Islohotlarni amalga oshirishda istiqbolli tashabbuslarni yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-113-son Farmoniga muvofiq joriy etilgan “Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumi xalq bilan muloqot va fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashning muhim platformasiga aylanmoqda. Mazkur forum 2025 yildan boshlab har yili o‘tkazilishi belgilangan.
Forum keng jamoatchilikni, xususan, mutaxassislar, yoshlar, tadbirkorlar, olimlar va faol fuqarolarni mamlakat taraqqiyotiga jalb etishga xizmat qiladi. Shu maqsadda tashabbuslarni qabul qilish uchun maxsus kelajakuchun.gov.uz kraud platformasi ishga tushirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar unga 1 300 dan ortiq taklif va tashabbus kelib tushdi.
Barcha tashabbuslar Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan umumlashtirilib, ko‘rib chiqish uchun Mentorlar kengashiga taqdim etildi. Ayni paytda ular Mentorlar kengashi a’zolari va sohaviy ekspertlar ishtirokida saralanmoqda.
Uning yakunlariga ko‘ra, eng dolzarb va amaliy ahamiyatga ega tashabbuslar “Top-50” va “Top-10” tarzida saralab olinadi. Eng yaxshi takliflar mualliflari pul mukofotlari bilan taqdirlanishi nazarda tutilgan.
Joriy yil uchun Tashkiliy qo‘mita tomonidan quyidagi beshta ustuvor yo‘nalish belgilangan:
– tadbirkorlikni rivojlantirish va bandlikni ta’minlash;
– ekologiya, suv ta’minoti va yashil energetika qamrovini kengaytirish;
– raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni joriy etish;
– tibbiyot va ta’lim sifatini oshirish;
– sud-huquq tizimini zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirish.
Shu bilan birga, fuqarolar mazkur yo‘nalishlardan tashqari boshqa sohalar bo‘yicha ham o‘z tashabbuslarini taqdim etish va jamoaviy tarzda ishtirok etish imkoniga ega bo‘ldi.
Forum doirasida taqdim etilgan tashabbuslar rasmiy nizomga muvofiq quyidagi asosiy mezonlar asosida baholanadi:
– dolzarblik, jamiyatdagi muhim muammolarni hal qilishga qaratilganligi;
– o‘ziga xoslik, innovatsion yondashuv va yangi yechimlarni taklif qilishi;
– amaliy imkoniyatlilik, tashabbusni amalga oshirish uchun zarur resurs va vaqtning mavjudligi;
– ta’sirchanlik, sohalar va jamiyat rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi.
Forumning yakuniy bosqichi Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda Mentorlar kengashi tomonidan saralangan eng dolzarb “Top-10” tashabbus muhokama qilinib, ularni amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi.






