“Sifatli davlat boshqaruvi” dasturi mukofoti (Government Quality Award) natijalariga ko‘ra, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining Strategik rivojlantirish, transformatsiya va raqamlashtirish boshqarmasi boshlig‘i, vazir maslahatchisi Maqsud Sherinovich Bolibekov “Namunali rahbar xodim” deb topildi.
Yutuqlar va kelajakka qarash
M.Bolibekov rahbarligida 2030-yilgacha mo‘ljallangan to‘rtta tarmoq strategiyasi — qora metallurgiya, mineral-xomashyo bazasi va konchilik sanoati, noyob minerallar, mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha strategiyalar ishlab chiqildi. Shuningdek, u “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi qonun loyihasini tayyorlashda ham ishtirok etdi.
Qilingan ishlar aniq natijalarda o‘z aksini topdi: 2025-yilda ishlab chiqarish hajmi 103,5 foizga oshdi, mahsulot tannarxi 12 foizga kamaydi hamda Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda 1 million AQSH dollari miqdorida grant mablag‘lari jalb qilindi.
2030-yilgacha bo‘lgan rivojlanish konsepsiyasi raqamlashtirish darajasini 55 foizdan 100 foizga yetkazish, geologik-qidiruv ishlarini 60 ming kvadrat kilometrgacha kengaytirish, mis qazib olish hajmini 3,5 barobar, oltin qazib olish hajmini esa 1,5 barobar oshirishni nazarda tutadi. Shuningdek, sohada bandlikni 120 mingdan 200 ming ish o‘rnigacha ko‘paytirish, xorijiy investitsiyalar ulushini 80 foizga yetkazish hamda dekarbonizatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan.
M.Bolibekov konchilik sohasida 11 yillik tajribaga ega bo‘lib, muhandis-texnologlikdan loyihalar bosh muhandisigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan. U 50 dan ortiq loyihada ishtirok etgan, 10 ta yirik loyihaga rahbarlik qilgan. Jumladan, yiliga 20 million tonna quvvatga ega GMZ-7, 5 million tonna quvvatli GMZ-5 va 4 million tonna quvvatli GMZ-6 obyektlarini ishga tushirish jarayonlariga boshchilik qilgan.
Yangicha fikrlash
Maqsud Bolibekov Ilmiy-texnik kengash faoliyatini to‘liq raqamlashtirish, geomonitoring platformasini yaratish, Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda sun’iy intellekt siyosatini ishlab chiqish, dronlardan foydalanish, konlarni masofadan boshqarish va onlayn monitoring tizimlarini joriy etish tashabbuslarini ilgari surdi.
Uning rahbarligida geologik hisobotlarni raqamlashtirish, yer qa’ri uchastkalari uchun onlayn auksionlar tashkil etish, WaterBase, MyCoal va SMS-geohazard platformalarini yaratish, 3D va havzaviy modellashtirish tizimlarini joriy etish ishlari amalga oshirildi.
Natijada 36 mingdan ortiq geologik hisobot raqamlashtirildi, 6 600 dan ziyod murojaat ko‘rib chiqildi hamda 293 ta yer qa’ri uchastkasi taqsimlandi. 14 ming quduq ma’lumotlari asosida amalga oshirilgan 3D modellashtirish va 200 ta konni modellashtirish ishlari yangi istiqbolli obyektlarni aniqlash imkonini berdi.
U o‘z ilmiy ishlanmalarini 9 ta ilmiy maqola va 1 ta patentda aks ettirgan.
Ta’lim va tafakkurni yangilash
Vazirlikdagi faoliyati davomida M.Bolibekov loyiha boshqaruvi, ma’muriy jarayonlar va moslashuvchan ko‘nikmalarga oid 9 ta ixtisoslashtirilgan o‘quv kursini tamomlagan hamda 2024 va 2025-yillarda Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasining sertifikatlarini qo‘lga kiritgan.
Olgan bilimlarini amaliyotga tatbiq etib, ijro nazoratini takomillashtirmoqda, transformatsiya jarayonlarini muvofiqlashtirmoqda va grant loyihalarini boshqarmoqda. U 2013-yilda Toshkent davlat texnika universitetining magistratura bosqichini tamomlagan.
Tadbirkorona fikrlash
M.Bolibekov tarmoq strategiyalari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqish orqali “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ijrosiga amalda hissa qo‘shmoqda. Global masalalarda esa Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi hamda PwC bilan siyosat va me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik qilmoqda.
Osiyo taraqqiyot banki bilan birgalikda geologiya va konchilik sohalari uchun sun’iy intellekt siyosati ishlab chiqilmoqda, tarmoq loyihalariga ilg‘or xalqaro tajribalar joriy etilmoqda.
Etakchilik
Maqsud Bolibekovning etakchilik salohiyati 2030-yilgacha bo‘lgan strategiyalarni aniq KPI ko‘rsatkichlari asosida ishlab chiqish, ish jarayonlarini samarali tashkil etish, grant loyihalari va monitoring tizimlarini boshqarishda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
U kadrlar salohiyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib, o‘quv dasturlarini ishlab chiqadi, metodik hujjatlar tayyorlaydi, raqamli tizimlar, sun’iy intellekt siyosati va masofaviy monitoring vositalarini joriy etadi. Uning faoliyati zamonaviy va innovatsion tog‘-kon hamda geologiya sohasini shakllantirishga qaratilgan.
Tavsiyalar
Yutuqlar: muhim muammolar va ularni bartaraf etish usullarini hujjatlashtirish orqali barqarorlikni mustahkamlash; Mukofotlar, tashakkurnomalar va faxriy yorliqlar ko‘rinishidagi e’tiroflarni yanada aniqroq ko‘rsatish.
Innovatsion faoliyat: joriy etilgan innovatsiyalar samaradorligini tizimli tahlil qilish (muammoning murakkabligi va uning yechim darajasini baholash); Yangi g‘oyalarni olingan bilim va tajribalar bilan bevosita bog‘lash.
Ta’lim: rivojlanish ustuvorliklari, maqsadli kompetensiyalar va o‘lchab bo‘ladigan ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga olgan bilimlarni oshirish rejasini ishlab chiqish.
Tadbirkorona fikrlash: milliy ustuvor yo‘nalishlar va tarmoqning global tendensiyalarini muntazam tahlil qilish mexanizmini yaratish hamda ularni amalga oshirish bo‘yicha aniq qadamlar bilan hujjatlashtirilgan takliflarga aylantirish.
Ijobiylik: shaxsiy namuna ko‘rsatishni yanada kuchaytirish; Jamoa yutuqlarini e’tirof etish va nishonlash orqali ijobiy muhitni kengaytirish; Madaniy tadbirlarda faolroq ishtirok etish.
Etakchilik: vazifalarni to‘g‘ri taqsimlash, qaror qabul qilish chegaralarini belgilash va muntazam nazorat o‘rnatish; Xodimlarni rag‘batlantirishning tizimli usullarini qo‘llash; O‘zgarishlarni ta’sirni baholash va joriy etish jarayonini nazorat qilishni nazarda tutuvchi aniq mexanizmlar asosida boshqarish..






