Strategik rivojlanish va islohotlar agentligida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati – GIZ vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ushbu hamkorlik Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) hamkorligida 2022–2024 yillarda tayyorlangan “Davlat boshqaruvi sharhi” (Public Governance Review) tadqiqotiga asoslanadi. Tadqiqot doirasida O‘zbekiston davlat boshqaruvi tizimi oltita asosiy yo‘nalish bo‘yicha tahlil qilindi. Ularning biri – samarali davlat boshqaruvi bo‘lib, taraflar ayni shu yo‘nalishda islohotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida hamkorlikni davom ettirish to‘g‘risida kelishib oldilar.
Ayni shu yo‘nalishda erishilgan natijalar va kelgusi vazifalar uchrashuvda muhokama qilindi. Muloqot chog‘ida hamkorlikda qilingan ishlar, xususan, “Samarali davlat boshqaruvi dasturi”ning natijalari ko‘rib chiqildi. Dastur 2022-yildan beri O‘zbekiston Respublikasi davlat organlariga ma’muriy islohot, davlat boshqaruvi sifatini oshirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalarida ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda. Ayni paytda O‘zbekiston hududlar rivojini strategik rejalashtirish, davlat boshqaruvini nomarkazlashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Shu asosda hamkorlikni davom ettirishga ehtiyoj tug‘ilmoqda.
Loyihaning navbatdagi bosqichini tayyorlash doirasida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati Toshkent shahrida ekspert missiyasini tashkil etishni rejalashtirgan. Bundan maqsad – hamkor va manfaatdor institutlarning joriy ehtiyojlarini tahlil qilish, hamkorlik ustuvorliklarini aniqlashtirish va davlat xizmati islohoti, strategik rejalashtirish, davlat xaridlari, nomarkazlashtirish, raqamli transformatsiya hamda korrupsiyaga qarshi kurashish sohalarida ko‘mak ko‘rsatishning eng samarali yo‘nalishlarini belgilashdan iborat.
Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri markazlashtirishni qisqartirish, ya’ni detsentralizatsiya bo‘lib, uning mohiyati vakolatlarni markazdan hududiy va mahalliy boshqaruv darajasiga bosqichma-bosqich o‘tkazishdan iborat. Bu borada mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish tizimini mustahkamlash, hududlarda strategik rejalashtirish salohiyatini oshirish hamda davlat xizmatlarini aholiga yaqinlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Dasturning yangi bosqichi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor davlat organlari bilan birgalikda amalga oshiriladi.

Uchrashuv davomida Agentlik direktori vazifasini bajaruvchi A.Abduqodirov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida sifatli boshqaruv tamoyillari va strategik rejalashtirish tizimi joriy etilayotgani, bunda ilg‘or tajribalar va maslahatlashuvlar foydali ekanini ta’kidladi.
“Samarali davlat boshqaruvi dasturi” rahbari Viktor Kessler hamda ekspertlar Jasmina Popin, Alissa Kryuger, Mixael Petersik hamkorlikdagi loyihalarni yuqori baholab, aloqalarni davom ettirish istagini bildirishdi.
Taraflar davlat boshqaruvini yanada isloh qilish, nomarkazlashtirish va hududiy rivojlanish masalalari yuzasidan fikr almashdi.






