Navoiy viloyati xalq deputatlari Kengashi sessiyasida «Navoiy – 2030» strategiyasi loyihasi muhokama qilindi. Hujjat Prezident huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan viloyat hokimligi hamda soha idoralari bilan hamkorlikda tayyorlangan.
Strategiyaning bosh g‘oyasi — viloyatning sanoat quvvatini real farovonlikka yo‘naltirishdan iborat. 2030-yilga borib Navoiy viloyatini yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan, eksport va «aqlli shahar» boshqaruvi bo‘yicha mintaqaviy yetakchi, kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish ko‘zda tutilgan. Hujjatda belgilangan har bir maqsad aniq raqam, muddat va mas’ul idora bilan mustahkamlangan, ijro jarayonini esa har bir fuqaro raqamli platforma orqali «yashil – sariq – qizil» tizimida ochiq kuzatib borishi mumkin.
2025-yil yakunida viloyatning yalpi hududiy mahsuloti 13,4 milliard dollarga, jon boshiga esa 12 ming dollarga yetdi. Shu bilan birga, muhokama chog‘ida mavjud muammolar ham ochiq tan olindi. Ayrim kommunal va suv-oqova tarmoqlarining eskirgani, shuningdek, shaharlarda aholi jon boshiga atigi 1,9 kvadrat metr yashillik to‘g‘ri kelishi qayd etildi.
Strategiyaning iqtisodiy yo‘nalishi xomashyo sotishdan tayyor mahsulot ishlab chiqarishga o‘tishni nazarda tutadi, bu viloyatda yangi korxonalar, yangi ish o‘rinlari va yuqoriroq maosh demakdir. Sanoat Navoiy – Zarafshon – Uchquduq yo‘nalishi bo‘ylab chekka tumanlarga ham yoyiladi, toki aholi ish izlab boshqa yurtga ketmasdan, o‘z tumanida, oilasi yonida barqaror daromad topa olsin. Eksportchi korxonalar sonini 225 taga, eksport qilinadigan mahsulot turlarini esa 400 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Strategiyaning ijtimoiy o‘zagi — kambag‘allikka barham berish va bandlikni ta’minlashdir. Mutlaq kambag‘allik darajasi 4,2 foizdan nolga tushiriladi, ishsizlik 2 foizgacha kamaytiriladi, ehtiyojmand xotin-qizlar soni 29 mingdan 9 mingga qisqaradi. Kundalik hayotga taalluqli aniq marralar ham belgilangan: ichimlik suvi bilan ta’minlash 91 foizga yetkaziladi, har yili 6,2 ming xonadon uy-joy quriladi, 2 088 kilometr yo‘l qurilib ta’mirlanadi, 180 ta yangi avtobus va elektrobus yo‘lga chiqadi, intellektual svetofor tizimi joriy etiladi.
Ekologik masalalarga ham alohida e’tibor qaratilgan: o‘rmon bilan qoplangan maydonlar 63 ming gektarga kengaytirilib, 70,5 million tup daraxt ekiladi, jon boshiga yashil maydon 1,9 kvadrat metrdan 4,4 kvadrat metrga oshiriladi, suv yo‘qotishi esa 35 foizdan 20 foizga kamaytiriladi.
Belgilangan marralarga erishish hokimlik, deputatlar, tadbirkorlar va har bir fuqarodan birgalikdagi mehnatni talab etadi.






