2026-yil 24-iyul kuni Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining 31-sessiyasi bo’lib o’tdi. Kun tartibidagi birinchi masala sifatida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda ishlab chiqilgan Buxoro viloyatini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi loyihasi muhokama qilindi. Strategiya loyihasini sessiyada Agentlik direktorining birinchi o’rinbosari A. Abduqodirov taqdim etdi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-21-son Farmoni bilan «O’zbekiston – 2030» strategiyasi yangi tahrirda tasdiqlandi. Unda yangilangan milliy maqsad va ustuvorliklar bilan bir qatorda hududlarni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish vazifasi ham belgilab berildi.
«Buxoro — 2030» strategiyasi umummilliy yo’nalishning hududiy davomi bo’lib, unda mamlakat ustuvorliklari viloyat darajasida aniq o’lchamga ega bo’ldi — Buxoro viloyatining o’ziga xosligi, salohiyati, dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalari va istiqbolli vazifalarini aks ettiruvchi maqsadli ko’rsatkichlar hamda yo’nalishlar belgilandi.
So’nggi yillarda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida amalga oshirilgan ishlar hudud iqtisodiyotining tarkibiy yangilanishini ta’minladi. Bugungi kunda Buxoro nafaqat sayyohlik markazi, balki sanoati, xizmat ko’rsatish sohasi va tadbirkorligi jadal rivojlanayotgan viloyat sifatida ham taraqqiy etmoqda. 2025-yil yakunlariga ko’ra yalpi hududiy mahsulot 86,6 trillion so’mga yetdi, aholi jon boshiga hisoblaganda esa 41 million so’mdan oshdi.
Shu bilan birga, iqlim o’zgarishi, suv resurslarining cheklanganligi, texnologik transformatsiya va xalqaro bozorlardagi o’zgarishlar tizimli yechimlarni talab etuvchi yangi vazifalarni kun tartibiga qo’ymoqda. Ularni inobatga olgan holda «Buxoro — 2030» strategiyasi viloyatni yuqori qo’shilgan qiymatli sanoati, ziyorat va madaniy turizmi, zamonaviy xizmatlari, innovatsiyalari hamda raqamli iqtisodiyoti rivojlangan, aholining munosib turmush sifatini ta’minlaydigan Markaziy Osiyodagi raqobatbardosh hududga aylantirishga qaratilgan.
Strategiyada yalpi hududiy mahsulot va aholi daromadlarini sezilarli oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda gaz-kimyo, neft-gaz, qurilish, to’qimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika, mashinasozlik va kimyo tarmoqlarida yirik loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, tashqi bozorlarda «Made in Bukhara» brendini mustahkamlash vazifalari belgilandi. Turizmga viloyat iqtisodiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biri sifatida alohida e’tibor qaratildi: sayyohlar oqimini sezilarli oshirish, tarixiy shahar muhitini asrash, zamonaviy servis infratuzilmasini yaratish va «24/7 Buxoro» konsepsiyasini amalga oshirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, ta’lim sifatini oshirish, sog’liqni saqlash sohasiga raqamli yechimlarni joriy etish, kambag’allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, axborot texnologiyalarini rivojlantirish va muhandislik-transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish vazifalari belgilab berildi. Har bir so’m investitsiya, har bir gektar yer, har bir kubmetr suv va har bir kilovatt-soat energiyaning iqtisodiy samaradorligini oshirish strategiyaning ustuvor tamoyillaridan biriga aylandi.
Strategiyaning tub yangiligi sifatida barcha hududlarga yagona yondashuvdan voz kechishni nazarda tutuvchi hududiy rivojlanishning funksional modeli joriy etildi. Unga muvofiq Buxoro shahri — xalqaro ziyorat va madaniy turizm, yuqori qo’shilgan qiymatli xizmatlar hamda kreativ iqtisodiyot markazi, Kogon — transport-logistika va sanoat xizmatlari markazi, G’ijduvon tumani — sanoat, hunarmandchilik va chorvachilik markazi, Qorako’l hamda Qorovulbozor tumanlari — gaz-kimyo, neft-gaz servisi va energetika markazi, Vobkent, Peshku va Shofirkon tumanlari — suvni tejovchi agrosanoat hududlari, Olot tumani — chegaraoldi savdosi va logistika markazi, To’dako’l turistik zonasi — zamonaviy turizm-rekreatsiya klasteri sifatida belgilandi.
Sessiya davomida deputatlar loyihaning maqsadli ko’rsatkichlarini, shuningdek, tuman va mahallalar kesimida nazarda tutilgan tadbirlarni muhokama qildilar. Muhokama yakunlari bo’yicha loyiha ma’qullandi va belgilangan tartibda tasdiqlashga kiritildi.






