Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari axborot-tahlil guruhlari rahbarlari uchun maxsus o‘quv kursi tashkil etildi. O‘quv yakunida tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan ushbu kurs hududlarni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyalarini sifatli ishlab chiqish, ularning ijrosi monitoringini tizimli yo‘lga qo‘yish hamda mas’ul xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirishga qaratildi. Hududiy axborot-tahlil guruhlari mahalliy darajada strategik qarorlar qabul qilish jarayonining muhim bo‘g‘ini hisoblanadi — aynan ular ijro holatini tahlil qiladi, muammoli yo‘nalishlarni aniqlaydi va boshqaruv qarorlari uchun asos bo‘ladigan tahliliy materiallarni tayyorlaydi.

Maxsus dastur doirasida tinglovchilarning strategik fikrlash, tizimli tahlil, qat’iyat, jarayonlarni tashkil etish va natijaga yo‘naltirilganlik kabi zamonaviy boshqaruvchi uchun zarur ko‘nikmalarini rivojlantirishga asosiy urg‘u berildi.
O‘quv dasturi davomida tinglovchilarga strategik rejalashtirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, tegishli hujjatlarni tayyorlash asoslari hamda strategik tafakkurni shakllantirishda ichki motivatsiyaning o‘rni mavzularida ma’ruzalar o‘qildi. Shuningdek, ishtirokchilar birinchi, ikkinchi va uchinchi darajali strategik hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, amalga oshirish, ularning sifatini tekshirish va monitoring qilish uslubiyatini batafsil o‘zlashtirdilar.
Kurs natijalari hududiy strategik hujjatlarni ishlab chiqish sifatini oshirish, ijro intizomini mustahkamlash hamda markaziy va mahalliy boshqaruv organlari o‘rtasidagi muvofiqlashtiruvni yanada samarali yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.






