Sanoat turizmiga iqtisodiyotning turli tarmoqlariga iqtidorli mutaxassislarni jalb qilishning muhim manbai sifatida qaraladi. Xususan, Germaniyada BMW, Volkswagen, Siyemens, AQShda Boing, Tesla, Apple, Yaponiyada Toyota, Sony, Canon kabi kompaniyalarning zavodlarini borib aholining turli tabaqalari ko‘rish yo‘lga qo‘yilgan.
Bugungi kunda O‘zbekistonda qariyb 60 mingta sanoat korxonasi bor. Ayniqsa, yengil sanoat, tog‘-kon, metallurgiya, avtomobilsozlik, elektrotexnika, farmatsevtika va oziq-ovqat tarmoqlari yaxshi rivojlangan.
Lekin zarur tashkiliy va rag‘batlantiruvchi choralar ko‘rilmagani sababli ishlab chiqaruvchilar sanoat turizmiga qiziqish bildirmayapti. Aksar korxonalarda sayyohlarni qabul qilish va ekskursiyalarni tashkillashtirish tajribasi yo‘q. Sanoat zavodlariga tashrif turistlar, yoshlar o‘rtasida ommalashmagan.
Shu bois Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan “Sanoat turizmini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Bunda asosiy maqsadlar:

yosh avlodni texnik kasblarga qiziqishini uyg‘otish va ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishtirish;
mahalliy ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalarning nufuzini oshirish va “Made in Uzbekistan” brendini ommalashtirish;
“ochiq” sanoat korxonalarni ommalashtirish, iste’molchilarning ishlab chiqarilgan mahsulot, tovarlar va xizmatlarga ishonchini shakllantirishdir.
Sanoat turizmida ishtirok etayotgan yirik sanoat korxonalarini rag‘batlantirish hamda bu yo‘nalishdagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida:
sanoat turizmi reyestriga kiritilgan korxonalar O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi telekanallarining praym-taym efir vaqtida o‘z mahsulotlarini reklama qilishda 50 foiz miqdorida chegirma berish;
sanoat turizmi dasturida ishtirok etayotgan sanoat korxonalarning marketing xarajatlari eksport xarajatlari sifatida hisobga olish taklif etilmoqda.
Agentlik xodimlari sanoat turizmi yo‘nalishida Toshkent metallurgiya zavodidagi sharoit va imkoniyatlarni o‘rganib chiqdi. U yerda zamonaviy texnologiyalar asosida metall list mahsulotlari ishlab chiqariladi. Barcha bosqichlarda ekologik toza uskunalar va yopiq siklda ishlovchi suv ta’minoti joriy etilgan. Chiqindilar ham qayta ishlashga yo‘naltiriladi.
Mazkur korxona sanoat turizmini rivojlantirishda namunaviy manzil bo‘la oladi. Jumladan, maktab o‘quvchilari va talabalar, mahalliy va xorijiy turistlar uchun qiziqarli ekskursiya ishlab chiqilgan. Ularga metallni qayta ishlash jarayonlarining barcha bosqichlarini — sovuq prokatlashdan tortib, polimer qoplama berishgacha bo‘lgan jarayonlarni kuzatish imkoniyati yaratilgan. Bunda tajribali gidlar har bir bosqichni atroflicha tushuntirib beradi. Bu turistlarni mamlakatimizning sanoat salohiyati bilan tanishtirish, yoshlarni sanoatga qiziqtirish va kasbga yo‘naltirishda juda muhim.
Zavodga tashrif chog‘ida mutasaddi va mutaxassislar bilan shu borada fikr almashildi. Sanoat turizmiga to‘siq bo‘layotgan masalalar va ularni hal etish bo‘yicha takliflar o‘rganildi. Shu kabi muloqot va tahlillar sanoat turizmini rivojlantirishga asos bo‘ladi.






