Farg‘ona shahrida strategik rejalashtirish salohiyatini oshirish bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari hokimliklari vakillari, tuman va shahar hokimlari o‘rinbosarlari, axborot-tahlil bo‘linmalari hamda mahalla uyushmasi mutasaddilari ishtirok etdi.
Tadbir Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi, Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan IHTTning “Davlat boshqaruvi sharhi” loyihasining ikkinchi bosqichi doirasida tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi 21-sonli farmoniga muvofiq uch viloyatni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyalari loyihalari ishlab chiqilgan. Ularda Andijon viloyati uchun sanoat va eksportni rivojlantirish, Farg‘ona viloyati uchun yuqori qo‘shilgan qiymatli sanoat, qayta ishlash va eksportni diversifikatsiya qilish, Namangan viloyati uchun kambag‘allikni qisqartirish va yoshlar bandligini oshirish ustuvor vazifa etib belgilangan.
IHTT tahlilchisi Saymon Kallevaert, GIZ vakili doktor Viktor Kessler, Agentlik sho‘ba mudiri Baxtiyor Normirzayev va boshqalar “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi maqsadlarini hududiy rejalar bilan uyg‘unlashtirish, hudud xususiyatlaridan kelib chiqib ko‘rsatkichlarni belgilash va strategiyalar ijrosini monitoring qilish bo‘yicha xalqaro tajribani taqdim etdi. Hududiy tahlil, iqtisodiy ixtisoslashuv, infratuzilma, demografiya va kadrlar salohiyatini baholash usullari muhokama qilindi.
Amaliy sessiyalarda ishtirokchilar Farg‘ona viloyati misolida milliy maqsadlarga qo‘shiladigan hissa, zarur moliyaviy va kadrlar resurslari, maqsadli ko‘rsatkichlar hamda natijalar monitoringi bo‘yicha guruhlarda ishladi.
“Davlat boshqaruvi sharhi” loyihasining ikkinchi bosqichi strategik rejalashtirish va siyosatni muvofiqlashtirish, nomarkazlashtirish, ma’lumotlarga asoslangan siyosat ishlab chiqish hamda natijadorlikni boshqarish yo‘nalishlarini qamrab oladi.






