Bugun Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan «Byurokratiyasiz O‘zbekiston» jamoatchilik tashabbusining boshlanishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda tashabbusning maqsadlari, o‘tkazilish tartibi va kutilayotgan natijalar ma’lum qilindi hamda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
So‘nggi yillarda davlat xizmatlarini qulay va shaffof qilish bo‘yicha katta ishlar qilindi, ammo ortiqcha hujjat, uzoq kutish va takroriy murojaatlar hali ham uchraydi. Bu to‘siqlarni har kuni his qilayotgan fuqarolar va tadbirkorlardan yaxshi biladigan odam yo‘q — shuning uchun endi so‘z jamoatchilikka beriladi.
Tashabbus 21-sentabrdan 20-noyabrgacha davom etadi. Siz duch kelgan byurokratik to‘siq haqida murojaat.byurokratiyasiz2030.uz platformasi orqali taklif yuborishingiz mumkin. Har bir taklifda muammoning aniq tavsifi, u keltirayotgan vaqt yoki resurs yo‘qotishi, amaliy yechim va imkon bo‘lsa tasdiqlovchi dalillarni ko‘rsatish kifoya. Kelib tushgan takliflar soha ekspertlari tomonidan baholanadi, tasdiqlanganlari esa amaliyotga joriy etiladi.






