Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi sessiyasida hududni 2030 yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi loyihasi muhokama qilindi.
Hujjat Namangan viloyatining imkoniyatlarini, Farg‘ona vodiysining o‘ziga xosligini va aholi talablarini ro‘yobga chiqarishga mo‘ljallangan. Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan hujjat loyihasini tayyorlashda viloyatning ichki salohiyatiga va ustun tomonlariga alohida e’tibor qaratildi.
So‘nggi yillarda hudud iqtisodiyotida sezilarli o‘sish kuzatilmoqda. 2025 yil yakuniga ko‘ra yalpi hududiy mahsulot 85,4 trln so‘mga yetdi, bu 2016 yildagidan 6,9 barobar ko‘p. Endi asosiy maqsad — bu o‘sishni yanada tezlashtirish va uni har bir odam hayotida seziladigan natijaga aylantirish.
Strategiyada faqat xomashyo sotishdan ko‘ra, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini oshirishga urg‘u berilgan. 2030 yilgacha yalpi hududiy mahsulot 166,4 trln so‘mga, ya’ni deyarli 2 barobarga oshirilib, aholi jon boshiga daromad 27,0 mln so‘mdan 47,7 mln so‘mga (1,77 martaga) ko‘payadi. Sanoat hajmi 83,0 trln so‘mga yetkaziladi. Bu esa minglab oila uchun barqaror daromad va yangi ish o‘rinlari degani.
Strategiyaning iqtisodiy asosi — viloyatning an’anaviy kuchli sohalarini zamonaviy, eksportbop tarmoqlarga aylantirish. To‘qimachilikda «ip-kalavadan tayyor brendgacha» bo‘lgan zanjir mustahkamlanadi, agrosanoat, hunarmandchilik — Chust pichog‘i, do‘ppi va mahalliy brendlar, shuningdek gulchilik va xalqaro gullar festivali alohida o‘sish drayveriga aylantiriladi. Kichik biznesning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 60 foizga yetkaziladi.
Hududning geografik joylashuvi ham katta imkoniyat. Qirg‘iziston bilan chegaradoshlik va xalqaro yo‘laklar eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Turizm sohasida xorijiy turistlar soni 1,5 mln nafardan 3,0 mln nafarga, turizm xizmatlari eksporti esa 239 mln dollardan 500 mln dollarga oshiriladi. Chortoq, Kosonsoy, Pop, Nanay va Axsikent yo‘nalishlari yagona turistik marshrutlarga birlashtiriladi.
Strategiyaning eng ijtimoiy yo‘nalishi — kambag‘allikni qisqartirish. 227 ming nafar kambag‘al aholi mahallabay tahlil qilinib, mutlaq kambag‘allikka to‘liq barham beriladi hamda 2030 yilda viloyat «kambag‘allikdan holi hudud»ga aylantiriladi. Ishsizlik darajasi 4 foizdan oshmaydi, yoshlar va IT sohasidagi bandlik kengaytiriladi.
Ta’lim va tibbiyotda ham aniq marralar belgilangan. Aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 72 yoshdan 78 yoshga oshiriladi, maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizga, oliy ta’lim qamrovi 50 foizga yetkaziladi. Tibbiyot muassasalarini raqamlashtirish 100 foizga, oilaviy shifokor xizmati 9 foizdan 90 foizga ko‘tarilib, onalar va go‘daklar o‘limi sezilarli kamaytiriladi. Profilaktik ko‘riklar orqali kasalliklar erta aniqlanadi.
Namangan uchun eng hayotiy masalalardan biri — suv va ekologiya. Strategiyada bu yo‘nalishga alohida e’tibor qaratilgan: suv ishlatish samaradorligi 25 foizga oshiriladi, 13,1 ming km kanal betonlanadi, qayta tiklanuvchi energiya quvvati 225 MVt ga yetkaziladi. Shahar va tuman markazlarida yashillik darajasi 30 foizga, aholi jon boshiga yashil maydon 3,0 m² dan 4,4 m² ga ko‘paytiriladi, chiqindilarni to‘plash xizmatlari 90 foiz aholini qamrab oladi.
Aholi turmush sharoiti bevosita yaxshilanadi: urbanizatsiya darajasi 60 foizga yetkazilib, har yili 9,5 ming xonadon quriladi, ichimlik suvidan doimiy foydalanish 90 foizga oshiriladi. Shahar va tumanlar jamoat transporti bilan to‘liq qamrab olinib, 350 ta avtobus va 250 ta elektrobus yo‘lga chiqariladi, 4 389 km yo‘l quriladi va ta’mirlanadi.
Umuman aytganda, «Namangan — 2030» strategiyasi — yangi rivojlanish bosqichi, daromadli ish o‘rinlari, sifatli ta’lim, sog‘lom muhit va farovon oilalar «yo‘l xaritasi»dir.
Uning ijrosi jamoatchilik nazoratida bo‘ladi. Har bir ko‘rsatkich Strategik rejalashtirish va rivojlanishning raqamli platformasi orqali kuzatib boriladi, 2028 yilda oraliq baholash o‘tkaziladi. Eng muhimi, belgilangan maqsadlar kelgusida odamlarning hayotida namoyon bo‘ladi.






