Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi sessiyasida «Qashqadaryo – 2030» strategiyasi loyihasi muhokama qilindi. Hujjatning asosiy maqsadi 3,7 milliondan ziyod hudud aholisining kundalik hayotini yaxshilash, har bir oilaning farovonligini oshirishdir. Muhokamada deputatlar, tarmoq idoralari rahbarlari, tadbirkorlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Strategiyada asosiy e’tibor avvalo ish o‘rni va munosib daromad masalasiga qaratilgan. Rejaga ko‘ra, faqat sanoat sohasining o‘zida 25 ming yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi, IT sohasida 30 ming yosh ish bilan ta’minlanadi, jami 34,4 ming nafar yoshning bandligi kafolatlanadi. «Ibrat farzandlari» loyihasi orqali 676 ming yosh xorijiy tillarni bepul o‘rganish imkoniga ega bo‘ladi, bu ularga kelajakda yaxshi kasb va daromad topish yo‘lini ochadi.
Eng muhim ijtimoiy vazifa mutlaq kambag‘allikka to‘liq barham berish. Ko‘rsatkich hozirgi 6,5% dan nolga tushiriladi, aholi kambag‘allikdan chiqarish xizmatlari bilan 100% qamrab olinadi. Manzilli yordamga muhtoj xotin-qizlar soni 3,5 barobar kamaytiriladi, ijtimoiy karta bilan ta’minlangan aholi soni 145 mingdan oshiriladi, ijtimoiy xizmatni kutish muddati esa 18 kundan 9 kunga qisqartiriladi, ya’ni fuqarolar yordamni ikki baravar tez oladi.
O‘zgarishlar aholining har kungi turmushida ham sezilarli bo‘ladi. Markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik 62,4 foizdan 85 foizga yetkaziladi, oqova suv xizmatlari kengaytiriladi. Har yili 8,8 ming xonadonli uy-joy quriladi, ko‘p qavatli uylardagi 4 953 ta eskirgan lift to‘liq yangilanadi. Elektr ta’minoti barqarorligi uchun qayta tiklanuvchi energiya quvvati 70 MVtdan 243 MVtgacha oshiriladi.
Bolalar va sog‘liq masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Barcha maktablar «elektron doska» bilan, ta’lim muassasalari suv va sanitariya (WASH) sharoitlari bilan ta’minlanadi, o‘quvchilarning xalqaro PISA bahosidagi natijasi sezilarli oshiriladi. Sog‘liqni saqlashda kasalliklarni erta aniqlash darajasi ikki baravar yaxshilanadi, tibbiyot muassasalari to‘liq raqamlashtiriladi, o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75 yoshdan 78 yoshga uzaytiriladi.
Aholi yashaydigan muhit yanada shinam va toza bo‘ladi, shahar hamda tuman markazlarida yashil bog‘ va istirohat parklari soni 16 tadan 96 taga oshiriladi, 14 ta ekologik toza hudud rejimi joriy etiladi, atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar har yili kamaytirib boriladi. Turizm rivoji, ayniqsa Kitob-Shahrisabz brendi, yangi mehmon o‘rinlari va xizmat ko‘rsatish shohobchalari orqali yana minglab odamga qo‘shimcha daromad manbaini yaratadi.
Strategiyaning avvalgi dasturlardan farqi shundaki, har bir ko‘rsatkich bo‘yicha mas’ul shaxs, muddat va moliyalashtirish manbai aniq belgilangan. Har bir tuman uchun alohida «hududiy pasport» ishlab chiqiladi, ijro esa raqamli platforma va «Ijro.gov.uz» tizimida «yashil — sariq — qizil» toifalari bo‘yicha ochiq kuzatib boriladi. Bu har bir fuqaroga o‘z hududidagi o‘zgarishlarni real vaqtda nazorat qilish imkonini beradi.
Muhokama yakunida loyiha ma’qullanib, uni amalga oshirish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi. Strategiyada belgilangan marralarga erishish hokimlik, deputatlar, tadbirkorlar va keng jamoatchilikning hamjihat mehnatiga bog‘liq. Hududiy rivojlanish strategiyalari muhokamasi boshqa viloyatlarda davom ettirilmoqda.






