Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi sessiyasida “Sirdaryo – 2030” strategiyasi loyihasi ma’qullandi. Hujjatning bosh maqsadi — har bir tuman va mahallada odamlar farovonligini oshirish: yangi ish oʻrinlari yaratish, oilalar daromadini koʻpaytirish va aholiga sifatli taʼlim, toza suv hamda munosib turmush sharoitini taʼminlashdir. Loyiha Prezident huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan viloyat hokimligi va soha idoralari bilan hamkorlikda tayyorlangan.
Strategiya aholi manfaatlari asosiga qurilgan. Yoshlar oʻz yurtida munosib kasb va daromad topishi uchun IT sohasida 7 ming ish oʻrni yaratiladi, “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida 140 ming nafar yosh zamonaviy kasblarga oʻqitiladi. Ehtiyojmand oilalarni manzilli qoʻllab-quvvatlash, mutlaq kambagʻallikka barham berish koʻzda tutilgan. Har yili 4 ming xonadonli uy-joy quriladi, maktabgacha taʼlim qamrovi 94,7 foizga yetkaziladi, bogʻchalar toza ichimlik suvi bilan 100 foiz taʼminlanadi, oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 77,2 yoshgacha uzaytiriladi.
Sessiyada Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori o`rinbosari Tohirjon Safarov soʻzga chiqib, strategiyaning iqtisodiy yoʻnalishi va aholi uchun kutilayotgan amaliy natijalar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Bunday ijtimoiy natijalar mustahkam iqtisodiyotga tayanadi. Strategiya viloyatni xomashyo yetishtirishdan tayyor mahsulot ishlab chiqarishga oʻtkazishni nazarda tutadi — bu mahalliy korxonalarga koʻproq buyurtma, aholi uchun barqaror ish oʻrni va yuqoriroq daromad demakdir. Qishloq xoʻjaligini sanoat bilan integratsiyalash va mahsulotlarni chuqur qayta ishlash ustuvor vazifa etib belgilangan. Eksport mahsulotlari turini 90 taga, eksport geografiyasini 47 davlatga yetkazish rejalashtirilgan. Maqsad — odam ish izlab boshqa hududga ketmasdan, oʻz tumanida, oilasi yonida munosib daromad topishi.
2025-yil yakunida viloyatda yalpi hududiy mahsulot 2,9 milliard dollarga yetdi. Shu bilan birga, muhokama chogʻida mavjud muammolar ham ochiq tan olindi: ayrim tumanlarda yerlarning melioratsiya holati yomonlashgani hamda tumanlar oʻrtasidagi rivojlanish tafovuti qayd etildi. Aholi uchun asosiy oʻlchov — raqamlar emas, natijaning har bir tuman va mahallaga yetib borishidir.
Strategiyada belgilangan har bir maqsad aniq raqam, muddat va masʼul ijrochi bilan mustahkamlangan. Koʻrsatkichlar ijrosini har bir fuqaro raqamli platforma orqali «yashil – sariq – qizil» tizimida ochiq kuzatib borishi mumkin. Deputatlar korpusi har chorakda ijroni tahlil qilib, «qizil» toifadagi yoʻnalishlar boʻyicha masʼul rahbarlardan hisobot talab etadi.
Strategiya tasdiqlangach, uning amaliy ijrosi bosqichi boshlanadi. Belgilangan marralarga erishish hokimlik, deputatlar, tadbirkorlar va har bir fuqarodan birgalikdagi mehnatni talab etadi.






