Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining sessiyasida “Samarqand – 2030” strategiyasi maʼqullandi. Hujjatga koʻra, viloyat iqtisodiyoti besh yil ichida ikki baravar — 20,5 milliard dollarga oʻstiriladi, asosiy urgʻu turizm, xizmatlar eksporti va raqamli iqtisodiyotga beriladi.
Bunday ustuvorlik bejiz emas. Taqdimot davomida qayd etilganidek, viloyatning mamlakat iqtisodiyotidagi ulushi soʻnggi yillarda 8,4 % dan 6,6 % ga qisqargan, sanoat esa asosan viloyat markazida toʻplanib qolgan. Hududiy strategiya shu nomutanosiblikni bartaraf etishni va Samarqandning tarixiy-turistik salohiyatini real daromadga aylantirishni nazarda tutadi.
Hujjat loyihasi Prezidentning 2026-yil 16-fevraldagi PF-21-son Farmoni ijrosi sifatida, “Oʻzbekiston – 2030” umummilliy strategiyasi doirasida ishlab chiqilgan. Uni sessiyada Prezident huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Abdulla Abduqodirov taqdim etdi. Muhokamada deputatlar, tarmoq idoralari rahbarlari, tadbirkorlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
“Samarqand – 2030” strategiyasining markaziy yoʻnalishi – turizmni yuqori daromadli iqtisodiyotga aylantirish. Rejada faqat sayyohlar sonini emas, ulardan tushadigan daromadni oshirish koʻzda tutilgan. Xorijiy sayyohlar 7 million nafarga yetkazilib, ularning viloyatda qolish muddati 4 kunga uzaytiriladi, turizm eksporti 1,5 milliard dollarga chiqariladi. Shu bilan birga axborot texnologiyalari eksporti 5,5 baravar oshirilib, Samarqand mintaqaviy IT-markazga aylantiriladi.
Iqtisodiy oʻsish samarasi ish oʻrni va daromad orqali odamlarga yetib borishi kutilmoqda. Sanoatni chekka tumanlarga yoyish maqsadida Kattaqoʻrgʻon, Narpay, Pastdargʻom, Ishtixon va Qoʻshrabotda yangi sanoat zonalari tashkil etiladi, viloyatga 4,8 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya jalb qilinadi. IT sohasida 36 ming yosh ishga joylashtiriladi, “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali 604 ming yosh kasb egallaydi, mutlaq kambagʻallik esa 6,1 % dan nolga tushiriladi.
“Kengaytirilgan Samarqand” modeli orqali aholining kundalik hayotini oʻzgartirish rejalashtirilgan. Yaʼni Samarqand shahri hududi 2,5 baravar kengayadi, har yili 15,5 ming xonadon quriladi, ichimlik suvi qamrovi 92 % ga yetkaziladi, 1 700 kilometr yoʻl taʼmirlanadi va 500 ta elektrobus yoʻlga chiqadi. Maktabgacha taʼlim qamrovi 85 % ga, oʻrtacha umr koʻrish 77 yoshga oshirilib, yashil maydonlar ulushi 14,1 % dan 30 % ga koʻpaytiriladi.
Strategiyaning oldingi dasturlardan farqi har bir koʻrsatkich boʻyicha masʼul, muddat va moliyalashtirish manbai belgilanganida. Har bir tuman uchun alohida “hududiy pasport” ishlab chiqiladi, ijro esa raqamli platformada “yashil – sariq – qizil” tizimida, har bir fuqaro uchun ochiq kuzatiladi. Oraliq baholash 2028-yilda, yakuniy baholash 2031-yilning birinchi choragida oʻtkaziladi.
Sessiyada Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev ishtirok etdi.
Hududiy rivojlanish strategiyalari muhokamasi boshqa viloyatlarda ham boʻlib oʻtmoqda.






