Hududlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan mahalliy hokimliklar bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2030 yilgacha mo‘ljallangan rivojlanish strategiyalari loyihalarini muhokama qilish davom etmoqda. Navbatdagi muhokama 2026-yil 24-iyul kuni Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining 31-sessiyasida bo‘lib o‘tdi. Jizzax viloyatini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi loyihasi yuzasidan deputatlar oldida Agentlik direktorining o‘rinbosari Tohirjon Safarov so‘zga chiqdi.
Ushbu «Jizzax – 2030» strategiyasi umummilliy maqsadlarni viloyat darajasiga ko‘chiradi: har bir ustuvor yo‘nalish Jizzax viloyatining resurs salohiyati, ijtimoiy-iqtisodiy o‘ziga xosligi va yaqin yillardagi vazifalarni hisobga olgan holda maqsadli ko‘rsatkichlar va yo‘nalishlar bilan aniq o‘lchamga ega bo‘ldi.
So‘nggi yillardagi dinamika viloyatning izchil rivojlanayotganidan dalolat bermoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra Jizzaxning yalpi hududiy mahsuloti 53 trillion so‘mni, aholi jon boshiga esa 2,7 ming AQSh dollarini tashkil etdi.
Shu bilan birga, tizimli yechim talab qiladigan bir qator masalalar ham bor. Iqtisodiyot tuzilmasi asosan agrar bo‘lib qolmoqda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va saqlash quvvatlari yetarli emas, salmoqli tabiiy turistik salohiyat mehmonxona va servis infratuzilmasi bilan mustahkamlanmagan, irrigatsiya tizimlari va kommunal tarmoqlar esa modernizatsiyaga muhtoj.
Ushbu chaqiriqlarga javoban Strategiya Jizzaxda yuqori qo‘shilgan qiymatli ishlab chiqarishlar, rivojlangan sanoat kooperatsiyasi, o‘sib borayotgan urbanizatsiya va «aqlli shahar» formatidagi boshqaruv yechimlari bilan sanoat va turizm markazlarini shakllantirishni maqsad qilib qo‘yadi.
Hujjatning asosiy vazifalari yalpi hududiy mahsulot va aholi real daromadlarining jadal o‘sishi, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, avtomobilsozlik, tog‘-kon, to‘qimachilik, oziq-ovqat va qayta ishlash tarmoqlarida yirik loyihalarni ishga tushirish, shuningdek, eksportda tayyor mahsulot ulushini oshirish va eksportchi korxonalar doirasini kengaytirish bilan bog‘liq. Qishloq xo‘jaligini agrosanoat kooperatsiyasi bilan intensiv modelga o‘tkazish, Aydar-Arnasoy, Zomin, Baxmal va Forish ekotizimlari asosida tabiiy va ekologik turizm salohiyatini ro‘yobga chiqarish, Arnasoy aeroportini kengaytirish va viloyat transport yo‘laklarini modernizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratilgan.
Strategiyaning ijtimoiy maqsadlari ta’lim sifatini oshirish, profilaktika bo‘g‘inini kuchaytirish va sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish, kambag‘allikni qisqartirish, yoshlar va ayollar bandligini ta’minlash, axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda muhandislik-transport infratuzilmasini yangilashni qamrab oladi. Uning zamirida har bir resursdan — har bir so‘m investitsiya, yer, suv va energiyadan samara olish tamoyili yotadi.
Strategiya har bir hududni o‘z ixtisosligi asosida rivojlantirish modelini mustahkamlaydi. Jizzax va Sharof Rashidov tumanlari yagona aglomeratsiya hamda avtomobilsozlik kooperatsiyasi markazi sifatida, G‘allaorol tumani — sanoat va tog‘-kon xomashyosini qayta ishlash markazi, Forish tumani — tog‘-kon sanoati va chorvachilik, Zomin tumani — ekoturizm va zotli parrandachilik, Baxmal tumani — bog‘dorchilik va tog‘ turizmi sifatida rivojlanadi. Arnasoy va Zafarobod tumanlari Aydar-Arnasoy turistik-rekreatsion klasterini shakllantiradi, Mirzacho‘l, Paxtakor, Do‘stlik, Zarbdor va Yangiobod tumanlari esa intensiv dehqonchilik va agrologistika hududlari sifatida belgilangan.
Deputatlar loyihaning maqsadli ko‘rsatkichlari, tumanlar va mahallalar kesimida ko‘zda tutilgan tadbirlarni ko‘rib chiqdilar. Muhokama yakunlariga ko‘ra loyiha ma’qullandi va belgilangan tartibda tasdiqlashga kiritildi.
Hududiy rivojlanish strategiyalari muhokamasi respublikaning boshqa viloyatlarida ham davom etadi.






