Ilgari xabar berganimizdek, Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri ofisi bilan bilan o‘rnatilgan hamkorlik negizidav o‘tkazilgan «Uzbekistan Government Quality Award» — «Sifatli davlat boshqaruvi» dasturida bir necha o‘nlab mahalliy baholovchilar turli tadqiqot institutlaridan jalb qilingan edi.
Davlat idoralari faoliyatini xolis baholash, ularning kuchli va zaif tomonlarini aniqlash, ilg‘or tajribalarni keng ommalashtirish hamda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish jarayoni natijalarini tahlil qilish uchun joriy yilning yanvar-aprel oylarida 41 ta respublika idorasi faoliyati, boshqaruv sifati va rahbar kadrlarning yetakchilik qobiliyati xalqaro ekspertlar va mahalliy mutaxassislar tomonidan o‘rganildi.
22 may kuni Xalqaro kongress markazida bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida mazkur dastur doirasida bir qator davlat organlari taqdirlangan edi. Davlat rahbari samarali boshqaruvning nechog‘lik muhim ekaniga e’tibor qaratib, bundan buyon vazirlik va idoralar faoliyatida asosiy mezon «natija» bo‘lishini ta’kidlagan edi.
Dastur doirasida ilmiy-tadqiqot institutlari vakillaridan iborat mahalliy baholovchilar guruhi shakllantirildi. Ular BAA ekspertlari ishtirokida o‘qitilib, malakasi oshirildi.
Strategik rivojlanish va islohotlar agentligida mazkur mahalliy baholovchilarga sertifikatlar tantanali tarzda topshirildi.

Endilikda dastur har ikki yilda bir marotaba o‘tkaziladi. Kelgusi bosqichdan unda mahalliy hokimliklar ham ishtirok etadi.
Kelajakda dastur yanada ochiq va talabchan bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Vazirlik va idoralar faoliyatida «jarayon uchun» emas, «natija uchun» ishlash tamoyili asosiy mezonga aylanadi.






