Strategik rivojlanish va islohotlar agentligida Global oʻzgarishlar institutining katta direktori Anand Pillai va katta menejeri Keytlin Koyl bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda tomonlar hamkorlikning oraliq natijalarini sarhisob qilib, kelgusi davr uchun rejalarni belgilab oldi.
Toni Bler nomidagi Global oʻzgarishlar instituti (TBI) — Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri ser Toni Bler tomonidan asos solingan xalqaro notijorat tashkilot boʻlib, 40 dan ortiq mamlakat hukumatlariga davlat boshqaruvi, raqamli transformatsiya va iqtisodiy rivojlanish masalalari boʻyicha maslahatlar beradi. Institut 2025-yildan buyon Oʻzbekistondagi islohotlarga ekspert koʻmagini koʻrsatib kelmoqda.
Hamkorlik davomida strategik rejalashtirish, xalqaro kommunikatsiyalar va kadrlar salohiyatini rivojlantirish, jumladan, sun’iy intellekt sohasida bir qator qoʻshma loyihalar amalga oshirildi.
Hozirgi vaqtda tomonlar farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda mahalliy IT-sanoatni xalqaro bozorga olib chiqishga qaratilgan yangi qoʻshma loyihalarga tayyorgarlik koʻrmoqda.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Toni Bler bilan uchrashuvi yakunlariga koʻra belgilangan yangi yoʻnalishlar alohida muhokama qilindi. Ular qatorida uzoq muddatli konsepsiyalar ishlab chiqishda ekspert koʻmagi, strategik kommunikatsiyalarni rivojlantirish, shuningdek, mavjud raqamli infratuzilmani inobatga olgan holda sun’iy intellekt va ma’lumotlarni boshqarish sohasida normativ-huquqiy bazani shakllantirish bor.
Loyihalarni samarali amalga oshirish maqsadida tomonlar muntazam uchrashuvlar oʻtkazish, har bir yoʻnalish boʻyicha mas’ul shaxslarni biriktirish hamda natijalar va muddatlar ijrosini yagona tartibda monitoring qilib borishga kelishib oldi.






