Strategik rivojlanish va islohotlar agentligida Xalqaro maslahatchilar kengashi a’zolari – Alfred Guzenbauer, Aleksandr Kvasnevskiy va Shtefan Fyule bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot avvalida hamkorlikdagi ishlar natijalari ko‘rib chiqildi. Kengash 2025 yildagi xalqaro siyosiy va iqtisodiy tendensiyalar sharhi hamda tavsiyalarni o‘z ichiga olgan tahliliy materiallar to‘plamini taqdim etdi. Xalqaro maslahatchilar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini takomillashtirish jarayonida ham o‘z fikrlarini bildirgan edi.
Suhbat chog‘ida tomonlar 2026 yilga mo‘ljallangan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildi. O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni hayotga tatbiq etish, shu asosda birgalikdagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi, tadbirkorlarning xalqaro talablar va standartlarga moslashishi hamda yangi eksport bozorlariga chiqishini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Soha va tarmoqlarni strategik rejalashtirish va rivojlantirish, ijroni monitoring qilish muhimligi qayd etildi.






