O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbusga muvofiq, shu kunlarda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining takomillashtirilgan loyihasi jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilmoqda.
Yurtdoshlarimiz bu muhim hayotiy hujjatga daxldorligini his qilib, takliflarini faol yo‘llamoqda. Bugungi kungacha Strategiya loyihasi bo‘yicha 2 ming 500 ga yaqin fikr va izohlar yuborildi. Ular orasida asosli va qiziqarli takliflar ko‘p.
Shu bois Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan jamoatchilik bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Tadbirda taklif mualliflari o‘z tashabbuslarini kengroq izohlab berdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda yashaydigan fuqarolar videoaloqa orqali qatnashdi.
Ko‘tarilgan masalalarning katta qismi ta’lim, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, qishloq xo‘jaligi, ekologiya, sud-huquq sohalariga tegishli bo‘ldi. Ular yuzasidan ekspertlar va ishtirokchilar erkin fikr almashdi.
Endi bu takliflar tegishli vazirlik va idoralar bilan birga atroflicha ko‘rib chiqilib, takomillashtiriladi. Ular aholi turmush darajasi va sohalardagi natijadorlikka ta’sir etuvchi sifat ko‘rsatkichlarini shakllantirishda inobatga olinadi.
Bunday ochiqlik va o‘zaro fikr almashuvlar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining chinakam xalqchil strategiya bo‘lishini ta’minlaydi.
Ma’lumot uchun: Strategiya loyihasida 100 ta maqsad bo‘yicha 450 dan ortiq samaradorlik ko‘rsatkichi belgilangan. Aholi fikrini olish uchun regulation.gov.uz hamda uzbekistan2030.uz veb-saytlarida ochiq muhokamaga qo‘yilgan.






