“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining 17-maqsadida onkologik kasalliklarni erta aniqlash va oʻlim koʻrsatkichini kamaytirish belgilangan. Bunda shifokorlar malakasi va to‘g‘ri tashxislashning ahamiyati yuqori.
Shu maqsadda O‘zbekistonda xalqaro mutaxassislar ishtirokida bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni skriningi bo‘yicha master-trenerlarni tayyorlash kursi o‘tkazildi.
Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlaridan ginekolog shifokorlar Xalqaro ginekologik saraton jamiyati (IGCS)ning bachadon bo‘yni saratonidan oldi kasalliklarning oldini olish va davolash bo‘yicha dasturi doirasida o‘qitilib, yakuniy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirdi. Ularning bilimlari AQShning University of Utah Health hamda International Gynecologic Cancer Society (IGCS) xalqaro ekspertlari tomonidan baholandi.
Ushbu trening mamlakatda birinchi marta o‘tkazilgan bo‘lib, uning yakunida ishtirokchilar real bemorlarda amaliy imtihon topshirdilar. Yakuniy baholash jarayonida har bir ishtirokchi 20 nafar sitologik tekshiruv natijalari anomal bo‘lgan bemorda kolposkopik tekshiruv o‘tkazish va eksiziya usuli orqali biopsiya olish ko‘nikmalarini namoyish etdi. Shuningdek, besh nafar ayolda bachadon bo‘yni saratoni oldi holatlarini termoablyatsiya usuli bilan davolash, yana besh nafar ayolda esa konizatsiya usuli orqali davolash amalga oshirildi.
Xalqaro darajadagi mutaxassislarni tayyorlash loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi “Ayollar o‘rtasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida amalga oshirilmoqda.
O‘quv dasturi AQShning University of Utah Health bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, u International Gynecologic Cancer Society’ning ta’lim modullarini o‘z ichiga oladi. Loyihaning asosiy maqsadi – ginekolog shifokorlarning bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni skriningi sohasidagi kasbiy salohiyatini oshirishdir. O‘qitish jarayonida kolposkopiya o‘tkazish texnikasi, biopsiya olish, bachadon bo‘yni saratonidan oldingi kasalliklarni aniqlash va davolash, shuningdek ko‘krak bezidagi yaxshi sifatli o‘zgarishlarni aniqlash va davolash bo‘yicha amaliy klinik ko‘nikmalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
2025-yil fevral oyidan boshlab loyiha Respublika ona va bola salomatligi markazi bazasida amalga oshirilmoqda. Xalqaro ta’lim dasturi Markaz va uning hududiy filiallarida faoliyat yuritayotgan ginekolog shifokorlar orasidan 22 nafar master-trenerni tayyorlashni nazarda tutadi. Ushbu mutaxassislar bachadon bo‘yni saratoni skriningi bo‘yicha Davlat dasturi doirasida kolposkopik tekshiruvlarni o‘tkazish uchun mas’ul hisoblanadi.
2026-yil avgust oyida University of Utah Health hamda International Gynecologic Cancer Society ekspertlari ishtirokida qolgan hududlardan master-trenerlar uchun sertifikatsiyaning navbatdagi bosqichini o‘tkazish rejalashtirilgan.
2026-yil yakuniga qadar sertifikatlangan master-trenerlar tuman va shahar markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalaridagi “Onko-nazorat” kabinetlarida ishlayotgan 209 nafar ginekologni o‘qitadi. Ta’lim kaskad modeli asosida olib boriladi, bu esa mamlakat hududlarida ayollar o‘rtasida onkologik kasalliklarni erta aniqlash va profilaktika qilish bo‘yicha sifatli xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytiradi.






