Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida «Uzbekistan Government Quality Award» – Davlat boshqaruvi samaradorligini baholash dasturi bo‘yicha o‘quvlarning navbatdagi bosiqichi boshlandi.
Mazkur dastur Birlashgan Arab Amirliklari bilan ikki tomonlama bitim doirasida amalga oshirilmoqda. Uning birinchi va ikkinchi bosqichlari 2023-2024 yillarda o‘tkazilgan.
Hozirgi bosqichda vazirlik va idoralar rahbarlarini boshqaruvning samarali vositalari va ilg‘or amaliyotlari bilan tanishtirish ko‘zda tutilgan.
Dastur ijro etuvchi hokimiyat organlari – vazirlik, qo‘mita, agentlik va inspeksiyalarning faoliyatini baholab borish orqali davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga qaratilgan. Bunda:
– strategik boshqaruv sifati;
– davlat xizmatlarini ko‘rsatish samaradorligi;
– inson kapitaliga e’tibor asosiy mezonlar hisoblanadi.
Bu yilgi o‘quvda 41 ta vazirlik va idoraning 100 nafardan ortiq rahbar va xodimlari xorijiy tajribani o‘rganmoqda. Uning natijalari bo‘yicha ishtirokchilar mukofotga nomzod sifatida e’tirof etiladi.
Ma’lumot uchun: BAAda «Government Quality Award” hukumat mukofoti 2009 yilda ta’sis etilgan. Bu ilg‘or davlat tashkilotlarini aniqlash bilan bir qatorda, samarali amaliyotlarni keng yoyish, shaffoflik va hisobdorlikni oshirish hamda aholi manfaatlariga yo‘naltirilgan innovatsion yechimlarni joriy etishni rag‘batlantiradi.






