“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini takomillashtirishdan maqsad uni xalqchil strategiyaga aylantirishdir. Shu bois uning loyihasi regulation.gov.uz hamda uzbekistan2030.uz veb-saytlarida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Mamlakatimiz kelajagini belgilaydigan mazkur hujjatga hozirgacha yurtdoshlarimizdan 3 mingga yaqin fikr va takliflar kelib tushdi. Ular O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va boshqa tahliliy tuzilmalar tomonidan doimiy o‘rganib borilmoqda. Davlatimiz rahbarining xalq bilan muloqot siyosatiga muvofiq, loyiha yuzasidan taklif yo‘llagan fuqarolar bilan davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
Navbatdagi shunday tadbir Strategiyadan o‘rin olgan iqtisodiy-ijtimoiy samaradorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha o‘tkazildi. Taklif yo‘llagan fuqarolar davlat idoralari vakillari bilan bevosita muloqotda bo‘lib, o‘z takliflari mazmunini erkin bayon etdi. Hududlarda yashaydigan yurtdoshlarimizning fikrlari videoaloqa orqali eshitildi.
Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari A.Abdukadirov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori E.Tulyakov hamda iqtisodiy tadqiqot markazlari ekspertlari takliflarni o‘zaro muhokama qilib, qizg‘in fikr almashdi.
Jumladan, iqtisodiyot, tadbirkorlik, eksport, qishloq va suv xo‘jaligi, oliy ta’lim, aholi bandligi masalalari diqqat markazida bo‘ldi.
Aholining asosli takliflari “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining samaradorlik ko‘rsatkichlarini aniqlashtirish va to‘ldirishda inobatga olinishi qayd etildi.
Jamoatchilik muhokamasi davom etmoqda. Unda faol ishtirok eting, Strategiya loyihasiga takliflaringizni yo‘llang.






