Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizni strategik rivojlantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
2025-yil 30-oktyabrda Davlatimiz Rahbari “Strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimini joriy etish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida” farmon qabul qilgan edi. Kuni kecha, 29-dekabr kuni ushbu tizimni yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish va samarali yoʻlga qoʻyish boʻyicha Prezident qarori imzolandi.
Mazkur qaror bilan, Strategik rejalashtirishni tashkil etish, ctrategik rejalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish, muvofiqlashtirish va amalga oshirilishini monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Unda strategik rejalashtirishning asosiy prinsiplari, bosqichlari va iyerarxiyasi, natijadorlikni taʼminlash va baholash tamoyillari belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi bunda muvofiqlashtiruvchi tashkilot hisoblanadi. Endilikda Agentlik hududlarni rivojlantirish boʻyicha taklif va tashabbuslarni aholi, tadbirkorlik subyektlari va jamoatchilik vakillari ishtirokini taʼminlagan holda joylarda tuzilgan “Islohotlar shtablari” bilan yaqin hamkorlikda ishlab chiqadi. Strategik rejalashtirish hujjatlarining samaradorlik koʻrsatkichlarini monitoring qilish raqamli platforma (dashboard) orqali amalga oshiriladi.
Mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari chet ellarning ilgʻor tajribasi va amaliyoti toʻgʻrisida har oyd Agentlikka maʼlumot berib boradi. Agentlik ular asosida taklif va tashabbuslar ishlab chiqadi.
2026-yildan boshlab har yili ijtimoiy-iqtisodiy, texnologik, gumanitar, ekologik va boshqa sohalardagi dolzarb muammolar hamda zamonaviy chaqiriqlarga bagʻishlab tahlil markazlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari ishtirokida Toshkent global taraqqiyot forumini oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi.
Davlatimiz rahbarining qarorida vazirlik va idoralarning strategik rejalashtirish boʻyicha tarkibiy boʻlinmalari, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining axborot-tahlil guruhlari faoliyatining asosiy yoʻnalishlari ham belgilangan.
Bu tizim tarkibidagi barcha tashkilotlarga katta masʼuliyat va vazifalar yuklaydi. Shu bois ushbu boʻlinma va guruhlar faoliyati Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi bilan samarali bogʻliq holda tashkil etiladi.
Umuman, Prezidentimizning mazkur qarori strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimi yangicha yondashuvlar asosida tashkil etib, yangi sifat darajasiga koʻtarishga xizmat qiladi.






