Toshkentda fuqarolar ehtiyojlariga yo‘naltirilgan raqamli portalning interfeysini yaratish bo‘yicha milliy xakaton boshlandi.
Xakaton ijtimoiy sohada davlat investitsiyalarini boshqarishga qaratilgan geoasr.uz geoportalida raqamli yechimlarni yaratish vazifasi atrofida faol yoshlar, dasturchilar va tahlilchilarni birlashtirdi.
Loyiha Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati bilan birgalikda amalga oshirilmoqda.
Xakatonning asosiy maqsadi ijtimoiy muassasalar – maktablar, bolalar bog‘chalari, tibbiyot maskanlari, yo‘l tarmog‘i va davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan boshqa obyektlar bo‘yicha aholidan fikr-mulohazalarni to‘plash, vizualizatsiya va tahlil qilishni ta’minlaydigan portal interfeysi prototiplari hamda funksional modullarni ishlab chiqishdan iborat.
Xakaton yakunida quyidagilarni taqdim etish rejalashtirilgan:
- Geoportalga integratsiyalashgan fuqarolik fikr-mulohazalarini vizualizatsiya qilish modullari;
- portal interfeysi, tegishli vazirlik va idoralar uchun tahliliy boshqaruv panellari.
Tashabbus, shuningdek, yoshlarning GovTech, geoaxborot tizimlari va ma’lumotlarni tahlil qilish bo‘yicha qobiliyatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Eng yaxshi yechimlar davlat boshqaruvi tizimida fuqarolik ishtirokining yangi vositalarini joriy etish uchun asos bo‘ladi.






