O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 26 dekabr kuni o‘z Murojaatnomasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqish vazifasini ta’kidladi.
2023 yilda qabul qilingan bu dasturiy hujjat barcha soha va tarmoqlarda ulkan natijalarga zamin bo‘lib kelmoqda. Kambag‘allik darajasi 11 foizdan 6,8 foizga, ishsizlik 6,8 foizdan 4,9 foizga tushdi, yalpi ichki mahsulot hajmi 103 mlrd dollardan 145 mlrd dollarga yetdi, eksport hajmi 25 mlrd dollardan 33,4 mlrd dollarga, xorijiy investitsiyalar hajmi 17 mlrd dollardan 43 mlrd dollarga oshdi, xorijiy turistlar soni 6,6 mlndan 8,6 mln nafarga, maktabgacha ta’lim qamrovi
72 foizdan 78 foizga, oliy ta’lim qamrovi 42 foizga, O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan davlatlar soni 144 tadan 164 taga yetdi.
Shu bilan birga, so‘nggi ikki yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 650 dan ziyod farmon va qarori qabul qilindi. Davlatimiz Rahbari tomonidan 500 dan ziyod turli darajadagi yig‘ilish, uchrashuv va taqdimotlarda barcha sohalar bo‘yicha yangi vazifalar qo‘yildi.
Masalan, ikki yil oldin 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulotimiz hajmini 160 milliard dollarga yetkazish maqsadi qo‘yilgan edi. Endi bu marraga 2026 yilning o‘zida erishilishi kutilmoqda. Murojaatnomada kelgusi besh yilda iqtisodiyotimiz hajmini 240 milliard dollardan oshirish imkoniyati borligi ta’kidlandi. Ya’ni yurtimizda barcha sohalarda yuqori marralar olinayapti.
Shuningdek, 2023 yilda aholimiz soni 36,7 mln nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2030 yilga borib 41 mlngacha oshishi prognoz qilinmoqda. Har bir yangi maqsadni ushbu o‘sishni inobatga olib belgilash ham muhim.
Bundan tashqari, jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlarda tendensiyalar va dinamika o‘zgarayapti. Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt, aholi ehtiyojlari ham yangi qadamlarni, aniq rejalarni kun tartibiga qo‘yyapti.
Ushbu o‘zgarish va natijalarni hisobga olib, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining takomillashtirilgan loyihasi ishlab chiqildi. Bu borada mutasaddi vazirlik va idoralar hamda ilmiy markazlarning 350 nafardan ortiq vakillari ishtirokida Strategiyadagi barcha 444 ta samaradorlik ko‘rsatkichi bugungi kun nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqildi.
Jumladan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi quyidagi jihatlari bilan ahamiyatli:
birinchidan, barcha ko‘rsatkichlar Davlatimiz Rahbari tomonidan belgilab berilgan yangi marralarga moslashtirildi va to‘ldirildi. Bunda, yurtdoshlarimizga munosib sharoit yaratadigan, har bir inson va oila hayotida seziladigan maqsadlarga alohida e’tibor qaratildi;
ikkinchidan, barcha ko‘rsatkichlar o‘lchanadigan, ya’ni, son shaklida (foiz, ulush, daraja, hajm, nisbat, ball, indeks) bo‘lishi qat’iy belgilandi. Hisoblab yoki baholab bo‘lmaydigan, umumiy vazifa, topshiriq va “shior” ko‘rinishidagi ko‘rsatkichlar chiqarib tashlandi (bunday bandlar 130 ta);
uchinchidan, barcha samaradorlik ko‘rsatkichlarining bajaralishi
2030 yilgacha yilma-yil belgilandi. Ya’ni, har bir ijobiy o‘zgarishni yillar kesimida ko‘rish imkoniyati yaratildi;
to‘rtinchidan, Strategiyada har bir vazirlik va idora o‘z o‘rnini topdi. Xususan, loyihaga ko‘ra, 60 taga yaqin davlat organlariga tegishli samaradorlik ko‘rsatkichi belgilandi;
beshinchidan, har bir samaradorlik ko‘rsatkichiga erishilishini ta’minlaydigan moliyaviy manbalar aniq ko‘rsatildi;
oltinchidan, endi soha, tarmoq va hududlarni rivojlantirish konsepsiya va strategiyalari “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq holda ishlab chiqilishi qat’iy belgilanadi. Jumladan, keyingi yil 50 tadan ziyod shunday konsepsiya (4 ta), soha va tarmoqlarni rivojlantirish strategiyalari (38 ta) hamda har bir hududni rivojlantirish strategiyalarini (14 ta) qabul qilish rejalashtirilgan.
Umuman, Strategiyadagi samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishish barcha darajadagi tashkilotlarning eng ustuvor vazifasi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga muvofiq, yurtimizning kelgusi besh yillik taraqqiyotiga daxldor bo‘lgan ushbu hujjat keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, aholimizning fikr-mulohazalari asosida takomillashtiriladi.
Shunga ko‘ra, Strategiya loyihasi bugun uzbekistan2030.uz
va regulation.gov.uz platformalarida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Marhamat, muhokamada faol ishtirok etib, fikr bildiring.
Strategiya loyihasi bo‘yicha savol va takliflarni Strategik rivojlanish va islohotlar agentligining (71) 239-49-38, (71) 239-49-44 raqamli koll-markaziga, shuningdek, info@asr.gov.uz elektron manziliga yuborish mumkin.






