Davlat boshqaruvi tizimining muhim vazifalaridan biri ilg‘or xorijiy tajribadan foydalanib, boshqaruv qarorlarining samaradorligini oshirishdir. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan “xalq xizmatidagi davlat” tamoyilini joriy etish bu tajribani qo‘llashning universal mezoni hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24-iyundagi 5480-sonli farmoyishiga muvofiq, mamlakatimizda Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Uzbekistan Government Quality Award” dasturi amalga oshirilmoqda. U davlat boshqaruvi samaradorligini eng yaxshi xalqaro amaliyotlar asosida oshirishga qaratilgan. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) e’tirofiga ko‘ra, BAA dunyodagi eng samarali davlat boshqaruvi tizimlaridan biriga ega.
Dastur doirasida BAA ekspertlari ishtirokida qator o‘quv tadbirlari o‘tkazildi. Ishtirokchilarga metodologik yondashuvlar, baholash mezonlari va materiallarni tayyorlash talablari tushuntirildi. Amaliy masalalarga – dalillarni shakllantirish, samaradorlik ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish va natijalarni to‘g‘ri aks ettirishga alohida e’tibor qaratildi. Ilmiy-tadqiqot institutlari vakillaridan iborat mahalliy baholovchilar guruhi shakllantirildi.
Bugun ular uchun Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida o‘quv kurslari boshlandi. U baholash jarayonini sifatli va mustaqil tarzda amalga oshirishga qaratilgan.
“Uzbekistan Government Quality Award” dasturi davlat organlari faoliyatini kompleks baholash vositasi bo‘lib, davlat xizmatlari sifatini oshirish, boshqaruvga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, shuningdek, shaffoflik, hisobdorlik va natijadorlikni ta’minlahga xizmat qiladi.
Baholash strategik boshqaruv, innovatsion rivojlanish, ish jarayonlar samaradorligi, inson resurslarini boshqarish hamda erishilgan ijtimoiy-iqtisodiy natijalar kabi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha bo‘ladi. Umuman olganda, dastur zamonaviy davlat boshqaruvi modelini shakllantirish va fuqarolarning ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Dasturda 41 ta vazirlik va idora ishtirok etmoqda. Bu davlat organlarining o‘z faoliyati samaradorligini oshirishga bo‘lgan qiziqishi yuqoriligini ko‘rsatadi. Har bir ishtirokchi tashkilotda mas’ul xodimlar tayinlanib, muvofiqlashtiruvchi bilan o‘zaro hamkorlik va muntazam axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Hozirgi kunga kelib, vazirlik va idoralardan ma’lumotlar yig‘ish bosqichi yakunlandi. Ularning to‘liqligi, ishonchliligi va sifati tekshirilib, kompleks tahlil qilinmoqda, ilg‘or amaliyotlar aniqlanmoqda.
Yaqin kunlarda dastur joyiga chiqib baholash bosqichiga o‘tadi. 6-16-aprel kunlari mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida vazirlik va idoralarga tashriflar (site visit) rejalashtirilgan. Bu tashriflar davomida intervyular o‘tkazilib, ish jarayonlari tahlil qilinadi hamda taqdim etilgan ma’lumotlar tasdiqlanadi.
Baholashning barcha bosqichlari yakunida natijalar sarhisob qilinib, dastur g‘oliblari aniqlanadi. Taqdirlash marosimi joriy yilning may oyiga rejalashtirilgan.
“Uzbekistan Government Quality Award” dasturi davlat boshqaruvi samaradorligini tizimli oshirish, ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etib, davlat organlari faoliyatini aniq natijalarga hamda fuqarolar farovonligini yuksaltirishga yo‘naltirishga xizmat qiladi.






