Davlatimiz rahbarining shu yil 16 fevraldagi PF-21 sonli farmonida mamlakatimiz taraqqiyotining 2030 yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari o‘z ifodasini topdi.
Unda soha, tarmoq va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha strategik rejalashtirish hujjatlari “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlarining samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishishga qaratilgan holda ishlab chiqilishi belgilangan.
Shu vaqtga qadar hududlarning rivojlanish rejalari muayyan strategik mantiqqa bo‘ysunmagan bo‘lib, ko‘p hollarda bir biri bilan bog‘lanmagan investitsiya loyihalari va ijtimoiy tadbirlar yig‘indisidan iborat bo‘lar edi.
Endi bunday strategik rejalar quyidagi mezonlarga javob berishi zarur:
- hududlarning taraqqiyotiga sezilarli turtki beruvchi drayver sohalar ro‘yxati;
- mavjud salohiyat (korxonalar, kadrlar, resurslar, geografik imkoniyatlar) hamda hududning ma’lum sohaga ixtisoslashganini inobatga olgan loyihalar;
- ixtisoslashgan sohalarni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan institutsional, huquqiy islohotlar ko‘lami va resurslar;
- 2024-2025 yillar davomida faol ishlagan, jumladan, ma’lum xajmlarda eksport qilgan, ammo 2026 yilga kelib faoliyati sustlashgan o‘rta va katta korxonalarning ro‘yxati, ular bilan individual sanatsiya rejasi;
- kichik korxonalar uchun davlat tomonidan zarur yordam omillari;
- investitsion loyihalarni tanlashda boshqa hududlar taraqqiyotiga ham kuchli ta’sir o‘tkazadigan loyihalarga alohida e’tibor berish.
Ayni shu mezonlarga tayanib, hududiy rivojlanishning strategik rejalarini ishlab chiqish Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari misolida boshlanadi va 2030 yilgacha taraqqiyot gorizonti nazarda tutiladi.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi mas’ullari mazkur viloyatlarda bo‘ldi. Hokimlik mutasaddilari hamda “Islohotlar shtablari” bilan birga hududdagi qo‘shimcha imkoniyatlar, ustuvor yo‘nalish va rejalar muhokama qilindi. Davlatimizning strategik maqsadlari, strategik rejalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish talablari tushuntirildi.
Hududiy strategiyalar quyidagi maqsadlarga xizmat qiladi:
- har bir hududning tabiiy, iqtisodiy va inson resurslariga ko‘ra ixtisoslashuvini belgilash;
- har bir hududni ishonchli va to‘liq ma’lumotlar asosida soha va tarmoqlar kesimida rivojlanish;
- iqtisodiy nomutanosibliklarni kamaytirish, bunda og‘ir toifadagi tuman va shaharlar uchun alohida soliq, moliyaviy va infratuzilmaviy imkoniyatlar yaratish;
- hududlararo hamkorlik va kooperatsiyani rivojlantirish, yirik shaharlar va atrofidagi hududlar o‘rtasida iqtisodiy va infratuzilmaviy aloqalarni kuchaytirish;
- hududlarda boshqaruvni raqamlashtirish, shu jumladan, geoaxborot tizimlari, ochiq ma’lumotlar platformalari va interaktiv onlayn kuzatuv vositalarini joriy qilish.
Strategiyalarni ishlab chiqishda, avvalo, odamlarning ehtiyoji va qadriyatlarini inobatga olish, har bir inson hayotida seziladigan choralarni belgilash, ularni ko‘rsatkichlarga aylantirib, to‘liq bajarilishiga erishish zarurligi ta’kidlandi.






