Toshkent shahrida “O‘zbekiston davlat boshqaruvining salohiyatini oshirishga ko‘maklashish” loyihasining yakuniy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, ish jarayonlarini raqamlashtirish, rahbar va xodimlar malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu “O‘zbekiston 2030” strategiyasida belgilangan “xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish” maqsadlariga muvofiqdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 oktyabrdagi 201-farmoniga muvofiq, mamlakatimizda strategik rejalashtirish va rivojlanishning yagona va kompleks tizimi joriy etildi. Vazirlik va idoralarning strategik rejalashtirish bo‘yicha tarkibiy bo‘linmalari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining axborot-tahlil guruhlari masuliyati oshirildi, ularning boshliqlariga rahbar maslahatchisi maqomi berildi.
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 29 dekabrdagi 394-qarori esa mazkur tizimni zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etib, yangi sifat darajasiga ko‘tarishga xizmat qildi.
Bu tizimda kadrlar masalasi doimiy e’tiborda. Vazirlik, idora va hokimliklar xodimlari strategik rejalashtirish va rivojlanish, tahlil va natijadorlikni boshqarish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarida o‘qitib borilmoqda.
Latviya va Germaniya tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan “O‘zbekiston davlat boshqaruvi salohiyatini oshirishga ko‘maklashish” loyihasi shu boradagi muhim qadamlardan bo‘ldi. Bu loyiha davlat xizmatchilarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, boshqaruv jarayonlariga zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan.
Konferensiyada Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari A.Abduqodirov, Boshqaruv samaradorligi agentligi direktori U.Xusainov, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi rektori J.Salixov, Latviya Respublikasi Markaziy moliya va shartnomalar agentligi direktori A.Krumina, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati – GIZning O‘zbekistondagi “Samarali davlat boshqaruvi” dasturi direktori V.Kessler ishtirok etdi.
Anjumanda loyihaning natijalari sarhisob qilindi. Bu loyiha 2023-2026 yillar davomida amalga oshirildi. Strategik rejalashtirish va natijaga yo‘naltirilgan boshqaruvning huquqiy asoslari mustahkamlandi. Vaziyatni tahlil qilish, maqsadni belgilash, samaradorlik ko‘rsatkichlari, harakatlar rejasi, monitoring va baholash kabilarni qamrab olgan 8 modulli maxsus dastur joriy etildi. Ochiqlik va aniqlikni ta’minlovchi geoportal takomillashtirildi. Turli seminar-treninglar, xorijda malaka oshirish dasturlari orqali davlat xizmatchilarining strategik rejalashtirish va natijadorlikni baholash, zamonaviy boshqaruv va raqamli texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha bilimlari oshirildi.
Konferensiya davlat boshqaruvi islohotlarini strategik rejalashtirish va muvofiqlashtirish, davlat boshqaruvida raqamli transformatsiya, kadrlar masalalari va institutsional salohiyat, inklyuziv yetakchilik va xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirish mavzularidagi sho‘‘ba majlislari bilan davom etdi.
Anjumanda vazirlik va idoralarning strategik rejalashtirish, axborot-tahlil hamda tashkiliy-kadrlar masalalari bo‘yicha mas’ullari ishtirok etdi.






